Harbiy Nizom, harbiy ustav
Harbiy Nizom, harbiy ustav — qurolli kuchlar va qo’shin turlarining qo’shilma, qism va bo’linmalaridan jangovar harakatlarda foydalanish tamoyillari, ularning maqsadlari, vazifa va usullarini, harbiy xizmatchilarning majburiyatlarini, ular orasidagi o’zaro munosabatlarni, kundalik turmush faoliyatini. harbiy xizmatni tashkil etish, o’tash yo’l-yo’riqlarini izga soluvchi hamda odob-axloq normalarini va harbiy nizomni mustahkamlash asosini belgilab beruvchi rasmiy me’yoriy-huquqiy hujjat. Harbiy Nizom jangovar va umumharbiy turlarga bo’linadi. Jangovar Nizomlar qurolli kuchlar qism va bo’linmalari turlarining jangovar tayyorgarlik asoslari hamda jangovar harakatlarni olib borishni belgilab beradi. Umumharbiy Nizomlar harbiy xizmatchilarning o’zaro munosabatlari, ularning umumiy va lavozimga oid majburiyatlari, huquqlari, ichki, garnizon va qorovullik xizmatlarini o’tash tartiblari va boshqalarni belgilovchi qurolli kuchlarning hamma turlari uchun umumiy majburiy qoidalardir. O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining ichki xizmat, intizom, garnizon va qorovullik xizmatlari Nizomi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 9 oktabrdagi farmoni bilan, Saf nizomi O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 1996 yil 14 oktabrdagi 238-sonli buyrug’i bilan joriy etilgan.