Hisob stavkasi
Hisob stavkasi, hisob foizi stavkasi, qayta moliyalashtirish stavkasi — Markaziy banklarning tijorat banklari rezervlarini to’ldirish va ularning o’z mijozlariga bank xizmatlari ko’rsatish uchun beradigan kreditlariga belgilaydigan foiz stavkasi; tijorat banklari Markaziy bankdan olgan kredit resurslari uchun to’laydigan haq. Hisob stavkasi bozor mexanizmidagi g’oyat muhim iqtisodiy vosita, davlatning pul siyosatida qo’llaniladigan kuchli iqtisodiy dastak. Hisob stavkasi pul bozoridagi talabga ta’sir ko’rsatishning asosiy vositasi hisoblanadi. Iqtisodiyotda o’sishni tezlatish maqsadlarida Hisob stavkasi pasaytiriladi yoki aksincha iqtisodiyotda o’sish jadallashib, tovarlarni sotish qiyinlashganda o’sishni sekinlashtirish uchun Hisob stavkasi oshiriladi. Hisob stavkasiga pul bozoridagi talabdan tashqari kutiladigan inflyatsiya darajasi ham ta’sir ko’rsatadi. Inflyatsiyadan ko’riladigan yo’qotish Hisob stavkasini oshirish orqali qoplanadi. Masalan, me’yordagi Hisob stavkasi 4% bo’lib, inflyatsiya 3% darajasida kutilsa, amaldagi Hisob stavkasi 7% ni tashkil etadi. Markaziy bankning Hisob stavkasi qancha yuqori bo’lsa tijorat banklari o’zlari taqdim etadigan krsditlar uchun oladigan foizi shu qalar yuqori bo’ladi. 2004 yilda O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob stavkasi iyulda 20% dan 18% gacha, dekabrda 18% dan 16% gacha pasaytirildi va qayta moliyalashning yillik stavkasi 18,8% ni tashkil etdi (2003 y.da 27,1%, 2002 yilda 34,5%). Alisher Vahobov.