Qurum
Qurum — tog’larning yon bag’irlari, yassi tepaliklar va daryolar o’zanlaridagi yalang nuragan tosh uyumlari va sochilmalari. Qattiq tog’ jinslarining fizik nurashi natijasida hosil bo’ladi. Qurum og’irlik kuchi va suvning toshlar orasida muzlab, yana erishi oqibatida tog’yon bag’irlari bo’ylab pastga siljib turadi. Ular tog’larda yurish uchun noqulay, xavfli joy hisoblanadi. Qurumlar surilib, tosh oqimlari, ko’chkilarni hosil qiladi. Qurumlar yuzasining qiyaligi 30— 40° chamasida bo’ladi. «Qurum» atamasi joy nomlari tarkibida ham uchraydi, masalan, Markaziy Osiyodagi Qoraqurum tog’lari, Tyanshandagi Chaqirqurum dovoni, Qirg’izistondagi Qurumdi cho’qqisi va hokazolar.