Qo’rqitish
Qo’rqitish — jinoyat huquqida biron-bir shaxsga yoki ijtimoiy manfaatlarga og’zaki, yozma shaklda yoxud boshqa usullar bilan jismoniy, moddiy yoki boshqa turdagi ziyon yetkazish niyatini ifoda etish; insonga ruhiy azob berish turlari (qiynash usullari)dan biri. O’zbekiston JKning 112-moddasida o’ldirish yoki zo’rlik ishlatish bilan Qo’rqitish jinoyati va unga belgilangan jazo bayon etilgan. Mazkur jinoyat o’ldirish niyati yoki zo’rlik ishlatishda namoyon bo’lib, bunday harakatlarni amalga oshirish uchun yetarli asoslar mavjud bo’lsa tugallangan hisoblanadi. Aybdorni javobgarlikka tortish uchun jabrlanuvchining tahdidning amalga oshirilishidan qo’rqishi uchun asos hisoblanadigan ma’lum holatlarning mavjud bo’lishi lozim. Qonunda bunday jinoyat sodir qilgan shaxsga eng kam oylik ish haqining 25 baravarigacha miqdorda jarimadan tortib 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo belgilangan.