«Qutadg’u bilig»
«Qutadg’u bilig» («saodatga yo’llovchi bilim») — Yusuf xos Hojib asari, turkiy adabiyotning Nodir namunasi, 1069-70 yillarda yaratilgan. Muallifning asar muqaddimasida xabar berishicha, bu kitob o’z davridayoq keng tarqalib, mashhur bo’lgan. Chin (Shimoliy Xitoy)liklar uni «adab ul-muluk» («Hukmdorlar odobi»), Mochin (Janubiy Xitoy)liklar «oyin ul-mamlakat» («hukmdorlik qonun-qoidalari»), Sharqiy xitoyliklar «ziynat ul-umaro» («hukmdorlar ziynati»), Eronliklar «Shohnoma»i turkiy («turkiy «Shohnoma»), ba’zilar «Pandnomai muluk» («hukmdorlar pandnomasi»), turonliklar esa «Qutadg’u bilig» deb ataganlar. «Qutadg’u bilig» dostonini yaratar ekan, muallif o’z oldiga Qoraxoniylar davlati hokimiyatini mustahkamlash, Tavg’achxon bilan Eloqxonlar o’rtasidagi ixtiloflarni bartaraf etish, hukmron doiralarning turli ijtimoiy tabaqalarga munosabatini belgilash, ma’rifat va obodonchilik uchun kurash, yaxshi xulq-odobni targ’ib qilish kabi maqsadlarni qo’ygan. Bu bilan Yusuf xos Hojib o’z davrining yirik ma’rifatparvari va donishmandi sifatida gavdalanadi. «Qutadg’u bilig» markaziga 4 masala qo’yilib, ular 4 obraz vositasida ochib berilgan: birinchisi — adolat bo’lib, u podshoh Kuntug’di timsolida, ikkinchisi — davlat bo’lib, vazir Oyto’ldi, uchinchisi — aql bo’lib, vazirning o’g’li Ugdilmish, to’rtinchisi — qanoat bo’lib, uning qarindoshi O’zg’urmish qiyofasida tasvirlanadi. Shunga muvofiq ravishda qo’yilgan masalalar voqealar rivoji, qahramonlarning o’zaro suhbati, bahs-munozarasi, savol-javoblari, pand-nasihatlari vositasida hal qilinadi. Muallif bahsli masalalar yuzasidan ham axloq-odob, ilm, insoniylik va adolat doirasida fikr yuritadi hamda podshoh va amaldorlardan tortib dehqonu hunarmandgacha — jamiyatdagi barcha toifalarning huquq va burchlari haqida o’z mulohazalarini bildiradi. Borliq haqidagi bilimlarga to’xtalgan Yusuf xos Hojib odam bilishi mumkin bo’lmagan narsa, bilim bilan yechilmaydigan jumboq yo’q, bilim tufayli osmon sari ham yo’l ochiladi, deydi; bilish uchun esa tinmasdan o’rganish lozim, deb uqtiradi. «Qutadg’u bilig» Qoraxoniylar hokimiyatining o’ziga xos nazmiy nizomnomasi bo’lib, bu ramziy-timsoliy asar yurt egalari bo’lmish hukmdorlar va katta-kichik amaldorlarga atab yozilgan va asarda ularga mamlakatni adolat bilan boshqarish, tinchlikni saqlash, raiyatga zulm qilmaslik, bil’aks, xalqning og’irini yengil qilish, turmushini farovon aylash, jamiyatning ma’naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash, ilm-ma’rifatga keng e’tibor berish, iste’dod sohiblarini qo’llab-quvvatlash, huquq, burch, adolat bo’yicha maslahat va tavsiyalar berilgan. Hukmdorlar adabnomasi — «Qutadg’u bilig» Qoraxoniylar sulolasi misolida turkiy davlatchilik asoslari yangi bosqichga ko’tarilgan davrda zamon kun tartibiga qo’ygan siyosiy-ijtimoiy masalalarni hal qilishda asosiy dastur bo’lgan. Shoirning u yoki bu masala bo’yicha pand-nasihatlari xuddi hikmatday jaranglaydi, xalq maqollariga o’xshab ketadi — ularning badiiy yuksakligi va ma’rifiy ahamiyati ham shunda. Asar muallifining so’nggi tahriridan o’tgan va Tavg’ach Bug’roxonga taqdim etilgan nusxasi nasriy (38 misra) va she’riy (77 bayt) muqaddima, kirish boblar (390 bayt), asosiy qism (68 bob, 5896 bayt), xotima (2 qasida va masnaviy bob)dan iborat. Jami 6520 bayt. «Qutadg’u bilig»ning 3 qo’lyozma nusxasi fanga ma’lum: ulardan biri uyg’ur yozuvida ko’chirilgan bo’lib (1439, Hirot), Vena Saroy kutubxonasida saqlanadi; Arab yozuvida ko’chirilgan 2 nusxadan biri Qohirada (1896 yil shu yerda topilgan), ikkinchisi (1913 yil Namangandan topilgan va 1925 yil Fitrat tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan) Toshkentda, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Asarning ilk nashri H.Vamberi tomonidan amalga oshirilgan (1870). Shundan keyin bu asar V.Radlov (1890; 1910), S.E.Malov (1929; 1951), R.R.Arat (1942; 1943; 1947; 1959), Q.Karimov (1971), B.To’xliev (1989), uyg’ur olimlari (1984) tomonidan nashr etildi. Asar ingliz, nemis, frantsuz, rus, Chex, turk, uyg’ur, Xitoy va boshqa tillarga tarjima qilingan. Uni J.Amade, A.Fitrat, R.Arat, E.E.Bertels, H.Vamberi, V.Radlov, S.Malov, A.N. Kononov, S.N.Ivanov, D.Nasilov, A.Valitova, G’.Abdurahmonov, Q.Karimov, B.To’xliev, Q.Sodiqov va boshqa chet el va o’zbek olimlari o’rganganlar. Ad.:Mallaev N., O’zbek adabiyoti tarixi, T., 1976; O’lmas obidalar, T., 1989; To’xliev B., Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asari, T., 1991; Buyuk siymolar, allomalar, 1-kitob, T., 1995; Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999: Qayumov A., Ishoqov M., Otaxo’jaev A., Sodiqov Q., Qadimgi yozma yodgorliklar, T., 2000. Ergash Ochilov.