Qo’tos, xonaki qo’tos
Qo’tos, xonaki qo’tos — ho’kizlar kenja oilasiga mansub kavsh qaytaruvchi hayvon. vatani — Tibet yassi tog’lari (yovvoyi holda faqat Tibetda saqlanib qolgan). Yovvoyi Qo’toslarga qaraganda maydaroq (yovvoyi Qo’tosning bo’yi 2 metrgacha, og’irligi 1 tonnagacha). Qoramollardan farq qiladigan belgi-xususiyatlarga ega. Buqalari vazni 400-450 kilogramm, sigirlari vazni 200-250 kilogramm. Boshi og’ir, peshonasi keng, oyoqlari baquvvat, dumi kalta. Shoxlari yaxshi rivojlangan. Ko’kragi, qorni va oyoqlari 20-30 santimetrga yetadigan quyuq jun tolalari bilan qoplangan. Yoz fasliga yaqin 2-9 Kt jun qirqib olinadi, uning 65-70% tivitdan iborat. Tusi qo’ng’ir, ko’k va qora-ola, o’rkachsimon yag’rini balandligi 105-110 santimetr. 18-24 oyligida jinsiy yetiladi. Bo’g’ozlik davri 255-260 kun. Sigirlari yiliga bir marta bolalaydi. Yangi tug’ilgan buzoqlari vazni 21-23 kilogramm, 15 oyligida 120-128 kilogramm va 24 oyligida 134-139 kilogramm. Sut mahsuldorligi yiliga o’rtacha 300-350 kilogramm, yog’dorligi 6— 9%, sog’in davri 4-5 oy. Go’sht mahsuldorligi past. 2 yoshli novvoslari 60-62 kilogramm toza go’sht beradi, so’yim chiqimi 42-46%. Baland tog’iqlimi sharoitiga moslashgan. Yil bo’yi ochiq yaylovda boqiladi. Qo’toslar go’shti, suti, juni va ish hayvoni sifatida boqiladi (sovuq iqlim va tog’so’qmoqlarida 140 kilogrammgacha yuk bog’lamlarini bemalol ko’tara oladi, Rossiya Federatsiyasi (Oltoy), Xitoy, Tibet, Mongoliya, Qirg’iziston va Tojikistonning qator xo’jaliklarida urchitiladi. Mongoliyada 500 ming, Rossiyada 53 ming, Qirg’izistonda 34 ming, Tojikistonda 14 ming bosh Qo’tos boqiladi (2004). Ular Tibet va Pomir hududlaridagi xo’jaliklarda sof holda urchitib ko’paytiriladi. Gereford, shortgorn, limuzin, shvis va boshqa zotli qoramollar bilan duragay mahsuldor avlodlar olingan. Qizil kitobga kiritilgan. Ad.: Karakulov A.B., Yakovodstvo Pamira, Dushanbe, 1993. Ubaydulla Nosirov.