Qo’ng’irot

Qo’ng’irot (1969 yilgacha Jeleznodorojniy shaharchasi) — Qoraqalpog’iston Respublikasi Qo’ng’irot tumanidagi shahar. Amudaryo deltasida, uning chap sohilida, Xo’jayli — Beynov avtotrassasi bo’yida joylashgan. Nukus — Beynov temir yo’l yo’nalishidagi temir yo’l stanniyasi. Nukus shahridan 134 kilometr shimoli-g’arbda. Aholisi 69,2 ming kishi (2005). Qo’ng’irot arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, 2500-2600 yillik tarixga ega. Qoraqalpog’istondagi 5 ta tarixiy qal’aning biridir. Qo’ng’irot haqida akade,ol V.V.Bartold, Ya.G’ulomov, Venger olimi G.Vamberi va boshqalar yozib qoldirganlar. Qo’ng’irot Ustyurt hududidan o’tadigan eski guzar yo’l va Buyuk ipak yo’li orqali qadimdan Qozog’iston, Rossiya, Kavkaz xalqlari bilan madaniy, savdo aloqalarini o’rnatgan. 1842 yilda unter-ofitser xaritashunos Zeleninning tushirgan shahar planida Qo’ng’irot 2 tomondan Talliq va Xonjop kanallari, shimoldan uzunligi 2,5 kilometrli, Janubdan 745 metrli, eni 5-10 metrli qo’rg’on devori, devor tashqarisida xandaq bilan himoya qilinganligi ko’rsatilgan. O’sha davrda shahar aholisi, asosan, hunarmandchilik, savdo-sotiq, baliq ovlash va shahar tashqarisida ovchilik bilan shug’ullangan. Qo’ng’irotda sanoat korxonalaridan paxta tozalash, un zavodlari, Ustyurt qidiruv parmalash boshqarmasi, «Ustyurt» unitar sho’ba korxonasi, «Iygilik-gaz» qo’shma korxonasi filiali, temir-beton buyumlari zavodi, Buxoro — Ural va O’rta Osiyo — Markaz gaz quvuri magistralining kompressor stantsiyalari, «O’zbekiston temir yo’llari» Lokomotiv va vagon ta’mirlash deposi va bir nechta tarmoq korxonalari, «Urganchtransgaz» sho’ba korxonasining gaz quvurlari tarmog’i boshqarmasi, texnologik suv bilan ta’minlash boshqarmasi, gidroinshootlar, 3 avtokorxona, qurilish korxonasi, Taxiatosh neft mahsulotlari bilan ta’minlash korxonasi tuman filiali, «Qo’ng’irotgaz» filiali, «Qoraqalpoq-ikkilamchi qora metall» tuman bo’limi, 3 qo’shma korxona («tuz LTD», «Qazqo’ng’irotkarbid», «noil'»). Qo’ng’irot temir yo’l vokzali bor. Qo’ng’irotda 18 umumiy ta’lim maktabi, bolalar sport maktabi, sanoat — transport, qishloq xo’jalik kasb-hunar kollejlari, Qoraqalpog’istoya davlat universiteti huzuridagi «biznes maktabi» Qo’ng’irot filiali, tillar o’rganish markazi mavjud. 9 kutubxona, Qo’ng’irot tumani tarixi, Qo’ng’irot temir yo’l tarixi muzeylari faoliyat ko’rsatadi. Temiryo’lchilar madaniyat va istirohat bog’ida 2-jahon urushida qurbon bo’lganlar xotirasiga bag’ishlangan Xotira yodgorligi bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, Temiryo’lchilar sanatoriy-profilaktoriysi, bolalar kasalxonasi va poliklinikasi, sil kasalliklari, teri-tanosil kasalliklari dispanserlari, tug’ruqxona majmuasi ishlab turibdi. Qo’ng’irotdan Nukus, Xo’jayli va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Shaharda qoraqalpoq adiblari Berdaq, Ajiniyozshr tavallud topganlar.