Qo’chqorota, Qo’chqor mozor
Qo’chqorota, Qo’chqor mozor — O’rta Osiyoda keng tarqalgan ziyoratgoh, qadamjolar nomi. Ibtidoiy va antik davrlarga oid ba’zi urf-odatlar musulmon dini qabul qilingandan so’ng ham asrlar davomida saqlanib qolgan. Masalan, islomdan avval O’rta Osiyo xalqlarida, jumladan, Sug’diyonada qurbonlikka tuya, ot va qo’y so’yilgan. Bu xil odatlar, jumladan, qo’yni qurbonlikka so’yish zardushtiylar orasida ham keng tarqalgan. Qo’y, Qo’chqor Farna xudosining (muqaddas quyosh yog’dusi sohibi) ramzi hisoblangan; uni turli marosimlarga atab qurbonlikka so’yganlar. Qo’chqorni qurbonlikka so’yish Islomda ham bor. Yerli xalq qo’chqorning himoya va turli ofatlarni qaytaruvchi kuchiga ishongan. Farg’ona vodiysida va O’zbekistonning bir qancha boshqa tumanlarida «Qo’chqorota», «Qo’chqor mozor» deb nomlangan mozorlar mavjud bo’lgan. Odamlar bu mozorlarga ziyoratga kelib, Qo’chqor so’yib qurbonliklar qilganlar. Uyning darvoza kesakisiga (tepa kesakisining o’rtasiga yoki ikki yon kesakisiga) Qo’chqor shoxlarini qoqib qo’yish odati ayrim shahar va qishloqlarda hozirgacha saqlanib qolgan. Xalq e’tiqodiga ko’ra, shoxlar hovlini va hovli egalarini yomon ko’zdan va turli ofatlardan saqlar ekan. O’tmishda Toshkentdagi Shayxontohur mozori darvozasi oldida muqaddas keksa qayrag’och bo’lgan. Uning shoxlariga Qo’chqor, takalarning shoxlari va latta-puttalar osib qo’yilgan. rivoyatlarga ko’ra, Qo’chqorotaning ruhi shu daraxtga jo bo’lgan ekan. Ziyoratchilar qayrag’och yonidagi kichik chirog’xonada qurbonlik shamini yoqishgan. Ad.: Shoniyozov K., Qang’davlati va qang’lilar, T., 1990.