Qo’shbegi

Qo’shbegi — tarixiy atama; 1) qo’sh, ya’ni harbiy qarorgoh va lagerning boshlig’i; 2) Buxoro Amirligida mang’itlar sulolasi davrida bosh vazir, amirdan keyingi oliy mansab. Qo’shbegiga barcha viloyatlar va bekliklarning hokimlari, beklari bo’ysungan hamda amirning poytaxtda bo’lmagan paytida u amirlikning barcha ishlarini boshqargan. Shuningdek, Qo’shbegi Buxoro atrofidagi 11 ta tumanni (hozirgi Buxoro viloyatini) Amir nomidan idora qilgan. Buxoro amirligida Qo’shbegilar 2 ta bo’lgan: «qo’shbegiyi bolo» (yuqori Qo’shbegi) va «qo’shbegiyi poyon» (quyi Qo’shbegi). Qo’shbegiyi bolo arkda, ya’ni baland qo’rg’onda yashagan va saroy ishlarida yetakchi mavqeni egallagan. U doimiy ravishda arkda Amir bilan muloqotda bo’lib turgan. Qo’shbegiyi poyon — bosh zakotchi esa Ark quyisidagi hovlilardan birida yashab, amirlik hududidagi butun soliq ishlarini nazorat qilib turgan. Mamlakatda favqulodda vaziyat yuz bersa yoki urushlar boshlansa har 2 lavozim birlashtirilib, «kulli Qo’shbegi» («kull» Arabcha so’z bo’lib, «barcha» degan ma’noni bildirgan) lavozimi joriy qilingan. Kulli Qo’shbegi Amirlikda butun hukumat ishlarini o’z qo’lida to’plagan va shoshilinch qarorlar qabul qilgan. Buxoro amirligida Ostonaqul qo’shbegi, Nasrullo qo’shbegi kabi katta nufuzga ega Qo’shbegilar o’tgan. Ad.: Vohidov Sh.. Qo’qon xonligi va Buxoro amirligida unvon va mansablar, T., 1996.