Ohangaron

Ohangaron — Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi shahar (1962 yildan). Tuman markazi. Qurama tog’ining etagida, Ohangaron daryosining o’ng sohilida, 525-600 metr balandlikda. Toshkentdan 68 kilometr. Toshkent—Angren temir yo’ldagi stantsiya. Shahar hududidan Xo’jabaland, Xonariq va boshqa ariqlar oqib o’tadi. Aholisi 34,7 ming kishidan ziyod (2003). Shahar nomi «Oxangaron» — «temirchilar» ma’nosini anglatadi. Ohangaronning tez o’sishiga uning yaqinidagi Angren ko’mir koni va Olmaliq rangli metall konlarining ochilishi sabab bo’ldi. Ohangaronda tsementli shifer korxonasi, «Santexlit», «Ohangarondon» zavodlari bor. 8 umumiy ta’lim maktabi (5700 ga yaqin o’quvchi), bolalar sport maktabi, bolalar san’at musiqa maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, 2 kutubxona, 2-madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, stadion faoliyat ko’rsatadi. 2-jahon urushi qurbonlariga yodgorlik o’rnatilgan. Kasalxona, kattalar va bolalar poliklinikalari, 10 dorixona mavjud.