Olyokma

Olyokma — Rossiya Federatsiyasining Chita va Amur viloyatlari hamda Saxa (Yakutiya)dagi daryo. Lenaning yirik o’ng irmog’i. Olekminskiy Stanovik tog’larining shimoliy yon bag’irlaridan boshlanib, avval shimoliy-Sharq, so’ngra shimoli-g’arbga oqib Olyok-Minsk shahri yaqinida Lena daryosiga quyiladi. Uzunligi 1436 kilometr, havzasining maydoni 210 ming km2. Olyokma, asosan, yomg’ir va qor suvlaridan to’yinadi. O’rtacha suv sarfi 1950 m3/sekund. Daryo oktabr o’rtalaridan may o’rtalariga qadar muz bilan qoplanib yotadi. Asosiy irmoqlari: o’ngda — Tungir, Nyukja; chapda — chara. Enyuk stansiyasidan quyilish joyigacha kema qatnaydi. Tungir irmog’i quyilgan joydan yog’och oqiziladi.