ASTRAGAL

ASTRAGAL (Astragalus) — burchoqdoshlar oilasiga mansub o’simliklar turkumi. O’t, chala buta va ba’zan butalardan iborat. 1600 turi bor. Barglari odatda murakkab, toq patsimon. Gullari kallak yoki boshoqsimon to’pgulda joylashgan. Mevasi —dukkak. O’rta Osiyoda 592 va O’zbekistonda 250 turi o’sadi. Talayginasi (no’xatak, singren) yaxshi emxashak hisoblanadi. Kopetdog’ va Turkmanistonda o’sadigan Astragaldan (A. piletocladus, A. turcmenorum) tibbiyotda, qandolat sanoatida va texnikada qo’llaniladigan, suvda erimay, faqat bo’kadigan tragakant yelimi olinadi. Ayrim turlarining yer ustki qismi tarkibida gliserizin moddasi, flavonoidlar va mikroelementlar bor. Damlamasi gipertoniya kasalligini davolashda qo’llaniladi.