ASTROGRAF

ASTROGRAF (astro… va … graf) — osmon yoritqichlarini fotografik usulda kuzatish uchun mo’ljallangan teleskop. U ko’pincha optik o’qlari bir-biriga parallel ikki truba: osmon yoritqichlarini suratga tushiradigan asosiy va kuzatilayotgan yoritqichga bo’lgan yo’nalishni oddiy ko’z bilan tekshirib turish uchun mo’ljallangan vizual trubadan iborat bo’ladi. Astrograf yordamida suratga olish ba’zan juda uzoq, (bir necha soat) davom etadi: shuning uchun osmon gumbazi bilan birga harakatlanadigan yoritqichlarni kuzatishni osonlashtirish maqsadida Astrograf soat mexanizmlariga ega bo’lgan maxsus parallaktik qurilmalarga o’rnatiladi. Astrometrik ishlarda fokus masofasi 2 metrdan kam bo’lmagan Astrograf qo’llaniladi. Astrografning fokus masofasi ortgan sari uning yordamida olinadigan fotosuratning masshtabi ham kattalashadi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida fokus masofasi 2,0; 3,0 va 3,4 metrli Astrograflar bor.