Kanberra

Kanberra — Avstraliya Ittifoqi poytaxti. Shahar atrofi bilan alohida ma’muriy birlik — Avstraliya poytaxt hududini tashkil etadi. Mamlakatning Janubiy-Sharqiy qismida, Berli-Griffin ko’li sohilida joylashgan. Iqlimi subtropik kontinental iqlim. Iyulning o’rtacha temperaturasi 5,9°, yanvarniki 20,7°. O’rtacha yillik yog’in 620 mm. Aholisi 310 ming kishi (1999). Mamlakatning muhim ma’muriy, madaniy va ilmiy markazi. 1927 yildan parlament va hukumat qarorgohi. Avtomobil yo’llari va avia aloqalar tuguni, temir yo’l stantsiyasi. Kanberrada hukumat idoralari, milliy va chet el monopoliyasi va savdo firmalari vakolatxonalari joylashgan. Oziq-ovqat, yengil, poligrafiya sanoati korxonalari mavjud. Iqtisodida turizm muhim o’rin egallaydi. Avstraliya milliy universtieti, texnologiya kolleji, o’rmonchilik akademiyasi, Avstraliya Fanlar Akademiyasi, Milliy kutubxona, konservatoriya bor. Kanberra yaqinidagi Maunt-Stromlo tog’ida yirik astronomiya rasadxonasi joylashgan. Shahar 1913 yildan amerikalik me’mor — U. B. Griffin rejasi bo’yicha poytaxt shahar sifatida qurila boshlagan. Parlament uyi (1927), Milliy universitet (1952) va boshqa turli me’moriy binolar (1975) zamonaviy uslubda qurilgan.