Oq o’rik
Oq o’rik — ertapishar xo’raki mahalliy o’rik navi. Daraxti kuchli (balandligi 7,5 metr o’sadi. Chetdan changlanadi (arzami, Ko’rsodiq navlari yaxshi changlovchi hisoblanadi). Mevasi o’rtacha kattalikda, tukli, vazni 30-40 gramm, rangi sariq, eti tig’iz, mayin, sersuv, shirali. Iyun oyining 2-o’n kunligida pishadi. Danagi o’rtacha, mag’zi shirin. Mevasi tarkibida 11 — 16% qand, 0,6— 0,7% kislota, 16-20% quruq modda bor. Ko’chati o’tqazilgandan keyin 5-6-yili hosil beradi. Tupidan 80-100 kilogramm meva olinadi, mevasi yangiligida iste’mol qilinadi, qoqi solinadi, murabbo tayyorlanadi. Sovuqqa chidamli. Toshkent va Farg’ona viloyatlarida ko’p ekiladi.