Oqmo’la viloyati
Oqmo’la viloyati — Qozog’istondagi viloyat (1961 yilgacha Akmolinsk). 1961-92 yillarda Tselinograd, 1992 yildan Oqmo’la viloyati). 1939 yilda tashkil etilgan. Maydoni 155,1 ming km2. Aholisi 583,3 ming kishi (1999), qozoq, rus, nemis, ukrain, belorus, tatar, udmurt, boshqird, mordva, uyg’ur, koreys va boshqalar yashaydi. 13 tuman, 7 shahar, 12 shaharcha bor. Ma’muriy markazi — Ostona shahri. Oqmo’la viloyati Qozog’iston past tog’larining shimoliy- g’arbiy qismini egallagan. Hududining katta qismi to’lqinsimon tekislik. Mutlaq balandligi 300-400 metr. Sharkala Ermentov tog’lari (eng baland joyi — 897 metr), Janubiy-g’arbida Tengiz-Qurg’aljin botig’i joylashgan. Foydali qazilmalari: oltin, boksit, surma, mis, toshko’mir, gil, kvars qumi. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqlim. Iyulning o’rtacha temperaturasi 20°, yanvarniki — 18°. Yillik yog’in 300 mm. Eng katta daryosi — ishim. Ko’l ko’p. Oqmo’la viloyatining shimol qismidagi qoratuproqlarda shuvoq-betaga o’sadi. Dashtlarda kemiruvchilar, tuyoklilar, yirtqichlar, qushlar yashaydi. Qurg’aljin qo’riqxonasi bor. Oqmo’la viloyati Qozog’istondagi muhim g’allachilik rayonlaridan. Xo’jaligining asosiy tarmoqlari — obikor dehqonchilik va go’sht-jun chorvachiligi. Energetikasi Qarag’anda havzasidagi toshko’mir va mazutga asoslanadi. Issiqlik elektr stansiyasi ishlab turibdi. Kon qazish, mashinasozlik va metallsozlik (qishloq xo’jalik mashinalari, nasos, vagon ta’mirlash zavodlari), oziq-ovqat (un kombinati, sut zavodlari) va mebel sanoati tarmoklari rivojlangan. Qurilish materiallari (temir-beton konstruktsiyalar, g’isht ishlab chiqarish) sanoati barpo etilgan. Ko’pchilik sanoat korxonalari Ostonada, shuningdek, Makinskda (porshen xalqalari ishlab chiqaruvchi zavod, qishloq xo’jalik inventarlari, avtomobil va traktorlar uchun ehtiyot qismlar), Otbosarda (go’sht kombinati, remont-mexanika zavodi), Alekseevkada, Sho’rtandi shaharchasida (mebel fabrikalari) va tuman markazlarida (moy zavodlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari) joylashgan. Oqmo’la viloyatining qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlari orasida katta qismini yaylovlar egallaydi. Qishloq xo’jalik yirik g’allachilik bilan sut-go’sht chorvachiligi, parrandachilik, cho’chqachilik va mayin junli qo’ychilik, yilqichilikka ixtisoslashgan. Ishim daryosi va chuchuk ko’llarda baliq ovlanadi. 4 oliy o’quv yurti, o’lkashunoslik muzeyi, drama teatri bor.