Oqtom qabristoni
Oqtom qabristoni — Janubiy Farg’onadagi Marg’ilonsoyning chap qirg’og’idagi Oqtom va Damko’l qishloqlari qarshisida joylashgan qadimgi qabriston (miloddan avvalgi 6-3 asrlar). Jami 65 ta mozorqo’rg’on aniqlangan, ulardan 15 tasi milodning boshlariga taalluqli; qolgan 50 tasining 31 donasi kavlab ochilgan. Kavlangan mozorqo’rg’onlar ostida 126 ta qabr qazib o’rganildi. Mozorqo’rg’onlar tuproq va chaqirtoshlarni qabr ustiga to’plab — uyum qilishdan vujudga kelgan. Ular ostidagi o’rta qabrda 1 tadan 8 tagacha mayyit boshini g’arbga qilib qo’yilgan. Chirigan yog’och qoldiqlariga ko’ra, o’ralar ustiga yog’och terilib so’ngra usti yopilgan. Bu davr urf-odati bo’yicha marxum o’ng tomoniga sopol idishlar (ba’zan maxsus tokchaga), jezdan pichoq, bigiz, paykonlar hamda jez, temir va suyakdan yasalgan taqinchoqlar, ba’zan qo’yning biror bo’lagi ham qo’yilgan. Mahalliy aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan.