Og’iz bo’shlig’i sanasiyasi
Og’iz bo’shlig’i sanasiyasi -og’iz kasalliklarining oldini olish va ularni yo’qotishga qaratilgan chora- tadbirlar. Bular tishlarni davolash va plombalash (bu keyinchalik tish chirishi va asorati — pulpit hamda periodontitning oldini oladi), tishning mexanik shikastlanishiga yo’l qo’ymaslik; tish-jag’ sohasi va tish nuqsonlarini o’z vaqtida bartaraf etishdan iborat. Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda (yiliga 2 marta), kasbga aloqador zarari bor sanoat korxonalari xizmatchilari, shuningdek, homiladorlar, turli xastaligi bo’lgan bemorlarda Og’iz bo’shlig’i sanasiyasi majburiy tarzda olib boriladi. Og’iz bo’shlig’i sanasiyasi atrofidagi to’qimalar, og’iz shilliq qavati kasalliklari ko’pgina umumiy o’tkir va surunkali kasalliklarning oldini olishda nihoyatda muhim, chunki chirigan yoki kasal tishlar surunkali infektsiya o’chog’i bo’lib, organizmga zararli ta’sir ko’rsatadi. Shu bois, har bir kishi o’zi mustaqil ravishda og’iz bo’shlig’i va tishlarni to’g’ri parvarish qilib borishi, ularni tish cho’tkasi, pasta yoki tish poroshogi bilan yuvib, og’izni suv va zararsiz dezinfektsiyalovchi eritmalar (2% li soda eritmasidan 1 stakan suvga 1 choy qoshiq yoki borat kislota va boshqalar) bilan og’izni chayishi, ovqatdan so’ng tish oralarini maxsus tish kovlagich bilan tozalashi lozim. Tish, milk, til kasalliklariga xos ilk alomatlar paydo bo’lsa, darhol stomatologga murojat qilish kerak.