Orol dengizi
Orol dengizi — O’rta Osiyodagi eng katta berk sho’r ko’l. Ma’muriy jihatdan Orol dengizining yarmidan ko’proq Janubiy-g’arbiy qismi O’zbekiston (Qoraqalpog’iston), shimoliy-Sharqiy qismi Qozog’iston hududida joylashgan. O’tgan asrning 60-yillarigacha Orol dengizi maydoni orollari bilan o’rtacha 68,0 ming km2 ni tashkil etgan. Kattaligi jihatidan dunyoda to’rtinchi (Kaspiy dengizi, Amerikadagi yuqori ko’l va Afrikadagi Viktoriya ko’lidan keyin), Yevrosiyo materigida (Kaspiydan keyin) ikkinchi o’rinda edi. Dengiz shimoli-sharqdan Janubi-g’arbga cho’zilgan, uzunligi 428 kilometr, eng keng joyi 235 kilometr (45° sh.k.) bo’lgan. Havzasining maydoni 690 ming km2, suvining hajmi 1000 km3, o’rtacha chuqurligi 16,5 metr atrofida o’zgarib turgan. Havzasining kattaligi uchun dengiz deb atalgan. Orol dengizi yuqori pliosenda Yer po’stining egilgan yeridagi botiqda hosil bo’lgan. Tubining relefi (g’arbiy qismini qisobga olmaganda) tekis. Orol dengizida juda ko’p yarim Orol va qo’ltiqlar bo’lgan. Shimoliy qirg’oqlarida eng katta qo’ltiqlaridan Chernishev, Paskevich, Sarichig’anoq, Perovskiy, Janubiy-Sharqiy va Sharqiy qirg’oqlarida Tushbas, Ash-shibas, Oqsag’a, suluv va boshqalar, Amudaryo bilan Sirdaryo quyiladigan joylarida Ajiboy, Tolliq, Jiltirbas qo’ltiqlari, Qulonli va Mo’ynoq yirik yarim orollari bo’lgan. Orol dengizida qadimdan suv sathi goh ko’tarilib, goh pasayib turgan. Keyingi geologik davrda Sariqamish va O’zbo’y orqali Orol dengizi suvi vaqt-vaqti bilan Kaspiyga quyilgan, suv sathi ancha baland bo’lib, Janubiy va janubiy-sharqidagi bir necha ming km2 maydonli sohil suv ostida bo’lgan. Orol dengizi unchalik chuqur emas. Chuqur joylari g’arbiy qismida. Qoraqalpog’iston Ustyurta yonida chuqurligi 69 metrgacha yetgan. Ko’lning sayoz joylari uning Janub, Janubi-Sharqiy va Sharqiy qismlariga to’g’ri kelgan. Orol dengizi qirg’oklarining morfologik tuzilishi juda murakkab. Ular bir-biridan ba’zi xususiyatlari bilan farqlanadi. Shimol qirg’og’i baland, ayrim yerlari past, chuqur qo’ltiqlar bor. Sharqiy qirg’og’i past; qumli, juda ko’p mayda qo’ltiq va orollar bo’lgan. Janubiy qirg’og’i Amudaryo deltasidan hosil bo’lgan. G’arbiy qirg’og’i kam qirqilgan va Ustyurt chinkidan iborat. Orol dengizida 300 dan ortiq Orol bo’lgan. Ularning 80% dengizning Janubiy-Sharqiy qismida. Eng kattalari Ko’korol (273 km2), Vozrojdenie (216 km2) va Borsakelmas (133 km2) edi. Dengizga Amudaryo bilan Sirdaryo quyiladi. 60-yillargacha yiliga Amudaryo Orol dengiziga 38,6 km3, Sirdaryo esa 14,5 km3 suv olib borgan. Suv balansida yog’inlar ham muhim o’rin egallagan. Dengiz akvatoriyasiga yiliga 82-176 mm yog’in yog’adi. Atrofdan dengizga yiliga 5,5 km3 yer osti suvlari qo’shilib turgan. Dengiz cho’l zonasida joylashganidan uning yuzasidan har yili 1 metr qalinlikdagi suv bug’lanadi. Bu esa keyingi davrda dengizga daryolar olib kelgan suv, yog’in va yer osti suvlaridan ortiqdir. Shuning uchun iqlimiy o’zgarishlar natijasida Orol dengizi suvining sathi yillar davomida o’zgarib turgan. Masalan, 1785 yildan dengizda suv sathi ko’tarila boshlagan bo’lsa, 1825 yildan pasaygan, 1835-50 yillarda yana ko’tarilgan, 1862 yil kamaygan. Ko’korol 1880 yilda yarim orolga aylanib qolgan. 1881 yil suv sathi pasaygan. 1885 yildan Orol dengizida suv sathi yana ko’tarila boshlagan. 1899 yilga kelib Ko’korol yarim oroli Orol bo’lib qolgan. 1919 yil dengiz maydoni 67300 km2, suv miqdori 1087 km3 bo’lgan bo’lsa, 1935 yilga kelib maydoni 69670 km2, suvning miqdori 1153 km3 ga ko’paydi. Keyingi bir yarim asr mobaynida dengiz suvi sathi ancha o’zgargan. Orol dengizida suv sathining yil davomida o’zgarib turishi Amudaryo va Sirdaryoning bahor-yoz paytlarida toshishi bilan bog’liq. Bahorgi yomg’irdan ham dengiz sathi ko’tariladi. Suvi sathining yil davomida o’zgarish amplitudasi urtacha 25 santimetrga teng bo’lgan. Suvining sho’rligi o’rtacha 10— 11 %». Suvdagi tuzlarning ko’p qismini osh tuzi va sulfatli magniy tuzi tashkil etgan. Kimyoviy tarkibiga ko’ra, suvi Kaspiy dengizi suviga o’xshash. Orol dengizi suvining tarkibidagi tuz 11 milliard tonnaga yaqin deb baholangan. Bu tuzlar sanoat ahamiyatiga ega. Dengiz suvi, ayniqsa, Markaziy qismida juda tiniq. Suvi, xususan, qishda tiniq bo’ladi. Yoz oylarida ham 24 metr chuqurlikkacha dengizning tubi ko’rinadi. Suvining rangi ko’pgina qismida ko’k, qirg’oqlariga yaqini ko’kimtir tusda. Amudaryo bilan Sirdaryoning quyilish joyida suvi loyqa. Dengiz dekabr o’rtalaridan mart oxirigacha muzlaydi. Yozda suvning yuqori qismidagi temperaturasi 27° ga yetadi. Chuqurlik ortishi bilan temperatura tez pasayadi. Yozda 1 metr chuqurlikda temperatura 8°ga o’zgaradi. Dengiz ustida havoning o’rtacha temperaturasi yozda 24-26°, qishda -7°, — 13,5°. Orol dengizi sazan, cho’rtan, so’v’yan, sudak, Oqchavoq, laqqa, Taran (leshch), pilmay Orol dengizining kosmosdan olingan surati (2002 yil). Dengizda navigasiya mavsumi 7 oy davom etgan. Aralsk va Mo’ynoqkabi yirik portlari faoliyat ko’rsatgan. Orol dengizi atrofida aholi kam bo’lgan. Aholi, asosan, baliqchilik bilan va, qisman, chorvachilik, ondatra urchitish va sabzavot-polizchilik bilan shug’ullangan. O’tgan asrning 90-yillarigacha dengizdan baliq ovlangan. Aralsk va Mo’ynoq shaharlari va bu shaharlar atrofida ko’p sonli baliq ovlash xo’jaliklari faoliyat ko’rsatgan, Amudaryo deltasida, Avan posyolkasida (Ko’korol oroli), Bugun posyolkasida (Sharqiy sohil), uyali va Uzunqir orollarida baliq tuzlash zavodlari ishlab turgan. Orol dengizini birinchi marta A. I. Butakov 1848-49 yillarda tadqiq etgan va xaritaga tushirgan. Orol dengizi suvining sathi Amudaryo va Sirdaryo suvining rejimi bilan bog’liqligidan, bu ikki daryo suvi sug’orishga qancha ko’p sarflansa, dengizda suv shuncha kamaya borgan. Ayniqsa, o’tgan asrning 60-yillaridan sug’oriladigan ekin maydonlarining kengaytirilishi natijasida dengizga Amudaryo va Sirdaryodan quyiladigan suv miqdori yildan-yilga kamaya bordi. Oqibatda dengizda suv sathi jadal sur’atlarda pasaya boshladi. Orol dengizida suv sathi pasayishining uning suv yuzasi va suv sig’imiga ta’siri Orol dengizida suv sathining pasayishi suv balansi elementlarining qiymatlariga ham keskin ta’sir ko’rsatdi: 1911-60 yillarda dengiz sathi o’rtacha 53,04 metrni tashkil etib (Boltik, sistemasida), daryolar dengizga quyadigan suv miqdori 56 km3, dengiz yuzasiga yog’gan atmosfera yog’inlari miqdori esa 9,1 km3 ga teng bo’lgan. Sarflanish, ya’ni chiqim esa, asosan, bug’lanishdan iborat bo’lib, shu davrda o’rtacha 66,1 km3 ni tashkil etgan. Shu davr ichida suv balansida salbiy farq qayd etilgan: dengiz har yili 1 km3 dan, 1911-60 yillar davomida 50 km3 hajmdagi suvni yo’qotgan. Hozirgi kunda Orol dengizi 3 bo’lakka bo’lingan: birinchisi — kichik va sayoz shimol qismi (sho’rligi — 8—13g/l); ikkinchisi — nisbatan kattaroq maydonga ega bo’lgan va sayoz Sharqiy qismi (sho’rligi — 69— 72 g/l); uchinchisi — eng chuqur hisoblangan g’arbiy qismi (sho’rligi — 68-69 g/l). Ad.: Berg L. S, Aralskoe more, SPb,1908; Shuls V. L., Mashrapov R., O’rta Osiyo gidrografiyasi, T., 1969; Rafikov A. A.,Tetyu Yan G. F., Snijenie urovnya Aralskogo morya i izmenenie prirodnix usloviy nizovev Amudari , T., 1981; Glazove kiy A. F., Aralskiy krizis, M., 1990; Akramov 3., Rafikov A. A., Proshloe, nastoyatshee i budutshee Aralskogo morya, T., 1990; Xikmatov B. F., Izuchenie dinamiki elementov vodnogo balansa i mineralizasii Aralskogo-morya, dissertasiya na soiskanie akademicheskoy stepeni magistra gidrologii, T., 2003. Fazliddin Hikmatov Dauletboy Aytboyev.