Oqoltin

Oqoltin — Andijon viloyati Ulug’nor tumanidagi shaharcha. Tuman markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Marg’ilon (35 kilometr). Viloyat markazi (Andijon)gacha 65 kilometr. Oqoltin 1987 yilda Shaxriobod va Oqoltin qishloqlarining birlashtirilishidan vujudga kelgan. Maydoni 780 gektar, 450 metr balandlikda. Aholisi 9 ming kishi (2003), asosan, o’zbeklar (99,8%). Shaharchaning asosiy suv manbasi — katta Andijon kanali. Oqoltinda tuman hokimiyati binosi, «Oqoltin» shirkat xo’jaligi, bir qancha fermer xo’jaliklari, paxta tozalash zavodi, «universal» bozori, Buyuk Britaniyaning kordes LTD firmasi bilan hamkorlikda ish boshlagan to’qimachilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan «Ulkard» qo’shma korxonasi, avtokorxona, maishiy xizmat uyi bor. Oqoltin hududidan Marg’ilon — Soybo’yi — Ulug’nor — Mingbuloq, Shtab — Ulug’nor magistral yo’llari o’tgan. Oqoltin avtomobil yo’llari orqali Namangan, Marg’ilon, Farg’ona, Andijon va boshqa shaharlar bilan bog’langan. 3 umumiy ta’lim maktabi, qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji, internat litseyi, internat-gimnaziyasi, bolalar musiqa maktabi, madaniyat uyi, Markaziy kutubxona faoliyat ko’rsatadi. «Ulug’nor» stadioni, «ulug’nor» qishloq sport sog’lomlashtirish klubi, tennis korti, «Al Majiddin» sport ishlab chiqarish firmasi, bolalar sport maktabi ishlab turibdi. Markaziy kasalxona (170 o’rin), uning bolalar, jarrohlik, tez tibbiy yordam, ginekologiya, terapiya, tug’ruqxona bo’limlari mavjud). Poliklinika, 5 dorixona bor.