Oqqanotlar, aleyrodidlar
Oqqanotlar, aleyrodidlar (Aleyrodinea) — tengqanotlilar turkumiga mansub hasharotlarning kenja turkumi. Tanasining uzunligi 1,3—1,8 millimetrt. Voyaga yetgan individlari juda harakatchan; oq unsimon g’ubor bilan qoplangan qanotlari bor. Mo’ylovlari 3-7 bo’g’imli. Og’iz apparati so’ruvchi tipda. Chala o’zgarish bilan rivojlanadi. Oqqanotlar namsevar hasharotlardir, shuning uchun havo haroratining oshishi va nisbiy namlikning pasayishi ularning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’zbekistonda issiqxona Oqqanotlar (Trialeurodes vaporarioum Westw.) va g’o’za yoki tamaki Oqqanotlar (Bemisia tabaciu) nisbatan yaqinda paydo bo’lib, asosan, issiqxonalardagi o’simliklarga zarar keltira boshladi. Biroq keyingi yillarda ular ochiq daladagi sabzavot ekinlarga ham keng tarqalmoqda. Sug’orma dehqonchilik mintaqalarda yiliga 7-8 avlod beradi. Oqqanotlar lichinkasi hujayra shirasini so’rib, o’simlik rivojiga salbiy ta’sir qiladi va ular ajratgan yopish-qoq suyuqlikda qorakuya zamburug’lari taraqqiy etib, assimilyatsiya jarayonini susaytiradi, shu tarika Oqqanotlar ikki taraflama zarar keltiradi. Oqqanotlar: yetuk issiqxona oqqanoti va bargdagi hasharotlar. Kurash choralari: aktellik (0,15%), karbofos (0,2%), bi-58 (0,15%) va piretroidlar (prometrin, tsimbush, desis, sumi-alfa, rovikurt va boshqalar) purkash; issiqxonalarda 1-3 yoshdagi lichinkalarga qarshi entomopatogen zamburug’ — ashersoniya, katta yoshdagi lichinkalarga qarshi esa enkarziyadan foydalanish tavsiya etiladi. Shamil Xo’jayev.