Oripov Toxir Fotixovich
Oripov Toxir Fotixovich (1945.7.9, Toshkent) — biofizika va ekologiya sohasidagi olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1995), Biologiya fanlari doktori (1988), professor (1990). ToshDUni tugatgan (1970). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Bioorganik kimyo institutida laboratoriya mudiri (1975 yildan), O’zbekiston Oliy attestasiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi (1992-93), rais muovini (1993-94), raisi (1995 — 97), O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida yetakchi konsultant (1994-95). O’zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi (1997), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti (1997 yildan). Asosiy ilmiy ishlari oqsil moddalarning biomembranalar bilan ta’sirlanish biospektroskopiyasiga oid. Oripov rahbarligida tsitotoksinlarning biologik membranalar modeli bilan ta’sirlanish mexanizmi, tsitotoksin molekulalarning shakli, o’lchami, ularning fosfolipidli membranalarda joylashishi, lipid va suv fazalarida taqsimlanish qonuniyatlari, gossipol va gossipol modifikatsiyalarining strukturasi aniqlangan. Tioninni ajratib olish texnologiyasi va uning ta’siri muammolari tadqiq qilingan.