Oq ayiq
Oq ayiq [Ursus (Thalarcfus) maritinus] — ayiqsimonlar oilasiga mansub sut emizuvchi; ba’zan alohida Thalarctos urug’iga ajratiladi. Gavdasining uzunligi 2— 2,5 metr, ba’zan 3 metrgacha, balandligi (yag’rinidan) 1,5 metrgacha, vazni 800 kilogrammgacha. Yungi oq, ba’zan limon yoki kulrang tusda. Tovoni va panjalarining osti yung bilan qoplangan. Arktika faunasining tipik vakili, suzuvchi muzliklar va shimoliy Muz okeani sohalari yaqinida yashaydi. Yaxshi suzadi va sho’ng’iydi. Asosiy ozig’i — tyulenlar. Past haroratga yaxshi moslashgan, gavdasi massasining 40 % ini yog’ tashkil etadi. Atrof muhit harorati -50° gacha pasayganida ham tanasidagi gaz almashinuvi kuchaymaydi, ya’ni termoregulyasiya uchun qo’shimcha energiya sarflamaydi. Mart—aprelda urchiydi. Urg’ochisi 2 yilda 1 marta (dekabr—yanvarda) 1-3 ta ko’zi yumuq bola tug’adi. Bo’g’oz urg’ochisi qor ostidagi inida qishki uyquga ketadi va faqat mart—aprelda bolalari bilan inidan chiqadi va kezib hayot kechiradi. Bolalari 1,5 yilgacha onasiga ergashib yuradi. Oq ayiqni terisi va go’shti uchun ko’p ovlanadi. 1956 yildan ovlash man qilingan. 1976 yildan xalqaro muhofazaga olingan, Xalqaro va Rossiya Federatsiyasi qizil kitoblariga kiritilgan.