Odam o’ldirish
Odam o’ldirish — qasddan boshqa shaxsni hayotidan mahrum qilish. Jinoyat huquqida shaxsga qarshi qaratilgan eng og’ir jinoyatlardan biri bo’lib, fuqarolar xayoti xavfsizligini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarga tajovuz hisoblanadi. Odam o’ldirish O’zbekiston Respublikasi JK 97-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Ehtiyotsizlik orqasida Odam o’ldirish mustaqil jinoyat tarkibini tashkil qiladi (JK, 102-modda). Odam o’ldirish moddiy tarkibli jinoyatlar sirasiga kiradi. Odam o’ldirish aybdorning harakati yoki harakatsizligi tufayli odam o’lgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan Odam o’ldirish turlarini shartli ravishda 3 guruhga ajratish mumkin: 1) qonunda nazarda tutilgan yengillashtiruvchi va og’irlashtiruvchi holatlarsiz Odam o’ldirish (10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish bilan jazolanadi); 2) aybni og’irlashtiruvchi holatlarda Odam o’ldirish (ikki yoki undan ortiq shaxsni; xrmiladorligi aybdorga ayon bo’lgan ayol ni; ojiz ahvolda ekanligi aybdorga ayon bo’lgan shaxsni; xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning qarindoshini; boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo’lgan usulda; ommaviy tartibsizliklar jarayonida; o’ta shafqatsizlik bilan o’ldirish va boshqalar — 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish yoki o’lim jazosi bilan jazolanadi); 3) aybni yengillashtiruvchi holatlarda Odam o’ldirish (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida Odam o’ldirish — 5 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish; onaning o’z chaqalog’ini qasddan o’ldirishi -3 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish; zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib qasddan Odam o’ldirish — 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; ehtiyotsizlik orqasida Odam o’ldirish -2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi). Mirzayusuf Rustamboyev.