Oyoqdumlilar, ayrimdumlilar, poduralar
Oyoqdumlilar, ayrimdumlilar, poduralar (Callembola yoki Padura) — tuban yoki birlamchi qanotsiz hasharotlarning eng katta turkumi. 2 mingdan ortiq, O’rta Osiyoning dehqonchilik mintaqalarida esa 50 ga yaqin turi ma’lum. Cho’zinchoq tanasining uzunligi 0,2—2 millimetr. Qorni bo’g’imlarga bo’lingan yoki yumaloq; oq, yashil, gunafsha, kulrang, ko’pincha ola-bula dog’li. Usti tuklar yoki tangachalar bilan qoplangan. 4-6 bo’g’imli mo’ylovlari turli uzunlikda; og’iz apparati — kemiruvchi yoki sanchib so’ruvchi tipda. 3 juft ko’krak oyoklari bo’lib, boldir va panjalari birlashib ketgan, uchida tirnoqlari bor. 6 bo’g’imli qorni 3 o’simta — qorin naychasi, tayanch va sakrovchi ayridan iborat, sakrab harakatlanadi (tuproqda yashovchi ko’pgina Oyoqdumlilar sakrovchi ayrilari taraqqiy etmagan yoki butunlay yo’q); chala o’zgarish bilan rivojlanadi. Sernam yerlarda yashaydi. Organik qoldiqlar, bir qancha turlari esa tirik o’simlik bilan oziqlanadi. Qishloq xo’jalik ekinlariga, ayniqsa, dukkakliklarga zarar keltirishi mumkin. Kurash choralari: urug’likka, parnik va issiqxonalarga sirtdan ta’sir qiluvchi insektisidlar (karbofos, keltan) bilan ishlov berish.