Osmiyli iridiy

Osmiyli iridiy — tug’ma elementlar sinfiga mansub minerallar guruhi. Osmiy va iridiyning tabiiy qattiq qorishmasi. Tarkibidagi komponentlar mikdoriga qarab har xil bo’ladi. Qattiq qorishmalar geksagonal yoki kubik singoniyalarda kristallanadi, kristallar bir necha mkm dan 1 mm gacha tabletka yoki plastinka shaklida bo’ladi. Metallsimon yaltiroq, magnit xossasi yo’q. Tarkibida Ir ko’proq bo’lsa, rangi oq, Os ko’proq bo’lsa, qo’ng’ir-kulrang. Qattiqligi 5— 7, zichligi 17600-22400 kg/m3. Osmiyli iridiy magmatik yoki gidrotermal yo’l bilan hosil bo’ladi. O’ta asosli tog’ jinslarida tug’ma platina, xromshpinelidlar, mis sulfidlari, ba’zan kvars tomirlarida tug’ma oltin bilan birga uchraydi. Tabiatda sochma holda juda kam miqdorda (100 mg/m3 gacha) bo’ladi. Osmiyli iridiy minerallardan nevyanskit eng ko’p tarqalgan, sisertskit kam; osmirid, tug’ma osmiy — juda kamyob minerallar. Osmiy, iridiy va ruteniy olishda xom ashyo sifatida ishlatiladi.