Oferta, offerta
Oferta, offerta (lotincha offero — taklif etaman) — bir shaxsning boshqa shaxsga tovar yetkazib berish, biror-bir xizmat ko’rsatish va boshqalar uchun shartnoma tuzish istagi va shartlari haqida yozma yoki og’zaki xabarnomasi. Shunday xabar yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs offerent, xabarnoma olgan shaxs aktseptant deb ataladi. Oferta qabul qilingan hollarda aktseptant offerentni yozma xabardor qiladi va tomonlar bitimi rasmiy kuchga kiradi. Oferta unda ko’rsatilgan amal qilish muddatiga ega bo’ladi. Shu muddat davomida aktseptant Ofertani qabul qilish huquqiga ega va bu oferent bilan shartnoma majburiyatlarini bog’lab oladi. Xalqaro savdoda Ofertaning qat’iy va erkin turlari bor. Qat’iy Oferta offerentning tovarlar partiyasini sotish imkoniyati haqidagi muddati ko’rsatilgan yozma taklifi ehtimoli bo’lgan xaridorlardan faqat bittasiga yuboriladi va sotish shu muddat davomida o’z taklifiga bog’lanib qoladi (javob kutadi) va shunday taklifni boshqa xaridorga qo’llay olmaydi. Erkin Ofertada bir vaqtning o’zida bir tovar partiyasi bir qancha xaridorlarga taklif etiladi va javob uchun muddat belgilanmaydi va shu jihat bilan offerentni majburiyatlar bilan bog’lab qo’ymaydi. Xaridorning Ofertaga roziligi haqidagi yozma javobi bitim imzolanganligini tasdiqlaydi.