ASXOB AR-RA’Y

ASXOB AR-RA’Y (Arabcha — fikr tarafdorlari) — ra’y, fikr va aql bilan hukm chiqaruvchi ulamolarga berilgan nom. Islom fanlaridan tafsir, fikd kabi sohalarda ijod qiluvchi olimlar ikki turga bo’linadi. Birinchi turi — Qur’onni tafsir qilishda va biror shar’iy hukm chiqarishda faqat Qur’on oyatlariga, hadislarga, sahobalar va tobeinlardan naql qilingan rivoyatlarga suyanadigan olimlardir. Ikkinchi turi — tafsir va fiqh sohasida faqat naqliy dalillarga suyanish bilan qanoatlanmay ijtihod, ya’ni aql, fikr va ra’yni ham ishga solib shar’iy hukmlar, fatvolar ijod etadigan olimlardir. Shu ikkinchi turiga Asxob ar-ra’y deb nom berilgan. Ular mutafakkir olimlar deb ham yuritiladi.