Okeanologiya

Okeanologiya (okean va … logiya), okeanografiya — dunyo okeanidagi fizik, kimyoviy, geologik va biologik jarayonlarni o’rganadigan fanlar majmui. Okeanologiyaning asosiy amaliy maqsadi — dengizdagi suv usti va suv osti kemalari qatnovining xavfsizligini ta’minlash va samaradorligini oshirish, okean suvlari va tubining biologik-mineral va energetika resurslaridan foydalanish; ob-havoni oldindan aytish usullarini mukammallashtirish. Okeanologiya, asosan, kemalarda va gidrologik stansiyalarda o’lchovlar o’tkazishga asoslanadi: kemalarda exolot yordamida okean tubining chuqurligi o’lchanadi; astronomiya usulida yerning radio yo’ldoshlari va maxsus navigatsiya yo’ldoshlari yordamida kema turgan joyning o’rni aniqlanadi; gidrologik stansiyalarda esa suvning temperaturasi o’lchanadi; sho’rligi va kimyoviy, optik xususiyatlarini aniklash uchun turli chuqurlikdan namuna olinadi. Bu fan okean suvi yuzasidagi va chuquridagi oqimlarni, to’lqinlarni o’lchash; suv rangini, muzlarning xususiyatini aniqlash, gruntdan, hayvon va o’simliklardan namuna olish usullaridan ham foydalanadi. Bir qancha o’lchovlar (dengiz sathi, suv ko’tarilishi, to’lqinlar, temperatura va boshqalar) qirg’oq va Orol st-ansiyalarida olib boriladi. Dunyo okeanografiya katalogi (1973) 200 ming gidrologiya stansiyasining ma’lumotlarini o’z ichiga oladi. Okean tubi chuqurliklarini sistemali ravishda o’lchab turish yo’li bilan to’plangan ma’lumotlar okean maydoni asosiy qismining 1:10 000 000 masshtabli batimetrik xaritalarini tuzish imkonini bermoqda. Okeanologiya ma’lumotlari navigatsiya xaritalari, jadvallar, qo’llanmalar va losiyalar tuzishda gidrografiya xizmati muassasalari uchun ilmiy asos bo’lib xizmat qiladi. Okean fizikasi (fizik okeanografiya, dengiz fizikasi) gidrotermodinamika, akustika, okean optikasi, radioaktivligi (yadro gidrofizikasi) va elektromagnit maydonini tadqiq etishni o’z ichiga oladi. Okean fizikasining eng yirik muammosi ob-havoni ancha vaqt oldindan aytish imkonini beradigan qonuniyatni — okean va atmosfera o’rtasidagi o’zaro ta’sir qonuniyatini aniqlashdan iborat. Okean kimyosi (kimyoviy okeanografiya) okean suvlarining gidrokimyosi va okean tubi cho’qindilarining geokimyosini o’z ichiga oladi. Okean geologiyasi geologiya, geofizika va geokimyoning dunyo okeani tagidagi yer qobig’iga tegishli barcha bo’limlarini o’z ichiga oladi. Okean biol ogiyasi tirik organizmlar — plankton, nekton, bentos va mikroor- ganizmlarni o’rganish bilan shug’ullanadi. Asosiy xalqaro okeanologiya tashkilotlari: YUNESKO qaramog’idagi hukumatlararo okeanografiya komissiyasi (Xok), dengizni o’rganish xalqaro kengashi va boshqalar.