Oksidlanish zonasi
Oksidlanish zonasi (Geologiyada) — sulfidli konlarning yer yuziga yaqin qismini o’z ichiga olgan va yer osti suvlari sathidan yuqorida joylashgan qismi. Oksidlanish zonasida yer yuzasidan chuqurroq qatlamlarga o’tayotgan suv va unda erigan kislorod, karbonat angidrid va kislotalar ta’sirida turli minerallar yemirilib, muayyan sharoitda past bosim va temperaturaga mos yangi kristalli va kolloid birikmalar hosil bo’ladi. Bu birikmalar kimyoviy tarkibi jihatidan yemirilayotgan mineral va jinslarga yakin bo’lib, kislorod va suv molekulasining ko’pligi bilan ajralib turadi. Oksidlanish zonasi uchun turli gillar, temir va marganesning kislorodli va suvli birikmalari turg’un hisoblanadi. Mazkur zonada oltingugurtli metall rudalari hamda oltingugurt, tuz va toshko’mir konlari tez o’zgaradi. Bunda metallarning sulfidli birikmalari oksid, gidroksid, karbonat, sulfatlar bilan o’rin almashadi. Oltingugurt o’rnida alunit va gips uyumlari hosil bo’ladi, tosh tuzi qatlamlari bo’lgan joyda gips to’planadi. Oksidlanish zonasi yer yuzasidan grunt suvlarigacha, odatda, bir necha metrdan yuzlarcha metrgacha bo’lgan joyni egallaydi. Oksidlanish zonasi geologiyasi va mineralogiyasini o’rganish temir va marganes rudalari, boksit, turli gillar va boshqa foydali qazilma boyliklarni topish va razvedka qilishda muhim ahamiyatga ega.