Ollaberganov Otaxon
Ollaberganov Otaxon (1947.17.11, Turkmanistonning Toshhovuz viloyati, Ilyoli tumani) — teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1981), O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (2003). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1974). 1975 yildan Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama va komediya teatrida bosh rassom. Ilk bor Muqimiy teatri spektakllariga (E. Sobitovning «Hijron», F. Musajonovning «olifta», 1973) dekoratsiyalar yaratdi. Ollaberganov eskizlarda yaratilgan badiiy goyani sahna bezaklariga to’liq ko’chirishga erishadi. «Beruniy» (Uyg’un, 1976), «Nurxon» (K. Yashin, 1977), «Platina» (O. Matjon, 1977), «Maysaraning ishi» (Hamza, 1983), «yagona guvoh» (K. Omarov, 1985), «Tobutdan tovush» (A. Qahhor, 1986, Toshkent satira teatrida), «Jaloliddin» (E. Samandarov, 1987) va boshqa spektakllarni badiiy bezagan. Shuningdek, Ollaberganov qadimgi Xiva, Urganch manzaralari aks ettirilgan yirik polotnolar muallifi: «eski shahar» turkumi (1977), «birinchi o’qituvchi» (1978) va b. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2000).