Omonimlar
Omonimlar (omo … va Yunoncha Oputa — nom, ism) — umumiy ma’no unsurlariga ega bo’lmagan, tasavvuriy bog’lanmagan, lekin bir xil yozilib, bir xil aytiladigan so’zlar; ular orasida semantik aloqa bo’lmaydi. Ana shunday so’zlarning tilda mavjud bo’lishi va shunga bog’liq hodisalar omonimiya deyiladi. Omonimlarning lug’aviy va grammatik ko’rinishlari farqlanadi. Omonimlarning tilda paydo bo’lish sabablari turlichadir: avvallari har xil aytilib, bir xil eshitiladigan so’zlar talaffuzining tarixiy jarayonda tovush almashinishi yoki talaffuz o’zgarishi natijasida bir-biriga mos kelib qolishi; (ot — ism, ot — hayvon; o’t — olov, o’t — o’simlik) boshqa tillardan o’zlashgan so’zlarning talaffuz va yozilish jihatidan ona tilidagi so’zlarga mos kelib qolishi (tur-bosqich; tur-xil, nav); tilda mavjud bo’lgan ko’p ma’noli so’z ma’nolarining bir-biridan uzoqlashishi (dam — nafas; dam — hordiq; dam — bosqon) va boshqalar. Omonimlar bir yoki bir necha so’z turkumi doirasida bo’lishi mumkin: bir so’z turkumi doirasida omonimik uya tashkil etuvchi, yozilishi va talaffuzi aynan bir xil bo’lgan so’zlar to’liq yoki mutlaq Omonimlar deyiladi (chang — g’ubor, to’zon; chang — cholg’u asbobi); faqat ayrim shakllardagina mos keladigan, boshqa-boshqa turkumlariga mansub so’zlar notulik Omonimlar, boshqacha aytganda, omoshakllar deyiladi, qo’y (hayvon) — qo’y (fe’lning buyruq shakli). Omonimlar bilan bir qatorda tilda ularning alohida turlari sifatida omograflar (bir xil yoziladigan, lekin urg’u va talaffuz bilan farqlanadigan so’zlar: olma—olma, tom (uy tomi) — tom (kitob tomi) va boshqalar hamda omofonlar (bir xil talaffuz qilinadigan, lekin yozilishida farq qiladigan so’zlar: yetti (son) — yetdi (fe’l); yot (begona) — yod (xotira) va boshqalar. Omonimiyaning mazkur barcha ko’rinishlariga mansub so’zlar ma’nosi asosan matn orqali bilinadi. Omonimlar mumtoz adabiyotda tajnis san’ati va tuyuq janrini yaratishda, askiya payrovlarida esa so’z o’yini va qochiriqsifatida ishlatiladi. So’z ustalari, ayniqsa, shoirlar (Xorazmiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, So’fi Olloyor, Habibiy va boshqalar) poetik ta’sirchanlikni oshirishda Omonimlardan mahorat bilan foydalanganlar. Xorazmiyning: Buyung sarvu sanubartek, beling-qil, Vafo qilgan kishilarga vafo qil bayti yoki Alisher Navoiyning: Olmani sundi nigorim — ol, —dedi, Olma birla bu ko’ngilni ol, — dedi, So’rdim ersa olmasining rangini, ne so’rarsan? — olma rangi ol, dedi. tuyug’i buning yorqin isbotidir. Dastlabki baytda qil so’zi 2 ma’noda (qilga o’xshash ingichka; qilmoq fe’lning o’zagi) ishlatilgan bo’lsa, tuyukda ol so’zi 3 ma’noda ishlatilgan (buyruq fe’li; ko’ngil ovlamoq; qizil rang, ol rang). Abduvahob Madvapiev, Bozorboy O’rinboyev.