Olimov Sayfi

Olimov Sayfi (1901.18.2 — Toshkent — 1984.14.7) — aktyor, rejissyor, o’zbek teatri tashkilotchilaridan biri. O’zbekiston xalq artisti (1950). Sahna faoliyatini 1918 yil Toshkent eski shahar xalq maorifi bo’limi qoshidagi «el-tuzar» yarim professional truppada boshlagan. 1919 yil M. Uyg’ur rahbarligidagi teatr truppasiga qabul qilingan. 1925-27 yillar Boku teatr texnikumida o’qigan. 1927-84 yillar Hamza teatrida aktyor, 1931-32 yillar ishchi-yoshlar teatrida, 1935-37 yillar Xorazm teatrida, 1937-40 yillar kolxoz—sovxoz teatrida rejissyor. Olimov improvizatsiya san’atiga boy, hozirjavob, xarakterli rollar ustasi, aktyorlik san’atining yirik namoyandasi sifatida tanilgan. Yaratgan obrazlari milliy bo’yoqlarga boy va hayotiyligi, ifoda vositalarining aniqligi, sahna texnikasining mukammalligi bilan qimmatlidir. Tabib («Turkiston tabibi»), Mahmudxon, Qodirqul mingboshi (Hamza, «zaharli hayot», «boy ila xizmatchi»), Miller (F. Shiller, «makr va muhabbat»), Sultonbek (U. Hojibekov, «Arshin mol olon»), Ismoil (K. Gossi, «Malikai Turandot»), poloniy (U. Shekspir, «Hamlet»), Jomiy (I. Sulton, Uyg’un, «Alisher Navoiy»), Sanjarov («imon») kabi yuzdan ortiq rollar ijro etgan. Rejissyor sifatida «Paxta shumg’iyalari», «Rustam» (U. Ismoilov), «Yondiramiz» (K. Yashin), «Uylanish» (N. Gogol) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Kinoda (Zargar, «Nasriddinning sarguzashtlari»; tarixchi, «Amirlikning emirilishi»; Munajjim, «Ulug’bek yulduzi» va boshqalar) ham rang-barang obrazlar yaratgan.