Olcha, olivoli
Olcha, olivoli (Cerasus) — Ra’nodoshlar oilasiga mansub barg to’kuvchi daraxtlar turkumi; mevali daraxt, 150 ga yaqin turi bor. Asosan, Osiyoda, shu jumladan, O’rta Osiyo va Kavkazda 25 ga yaqin turi usadi. Madaniy turlaridan oddiy Olcha (C.vulgaris) ko’p tarqalgan. Juda qadimdan Markaziy va Janubiy Yevropada, Shimoliy Afrika, Sharqiy Osiyo, shimoliy Amerikada ekiladi. O’zbekistonda Olchaning maxaleb Olchasi yoki kamxastak (C.mahaleb), qizilmevali Olcha yoki chiya (toshchiya) (S. erythrocarpa Neski.) yovvoyi turlari adir va tog’yon bag’irlarida uchraydi. Oddiy Olcha daraxtining bo’yi 6-7 metr, sovuqqa, qurg’oqchilikka chidamli, unumdor tuproqlarda yaxshi o’sadi va mo’l hosil beradi, 30— 40 yil (ba’zan 100 yilgacha) yashaydi. Mevasi mayda, dumaloq, danakli, suvli, nordon, och qizildan to’q qizilgacha. Olcha meva bandining uzunligi bilan boshqa danakli mevalardan farq qiladi. Tarkibida 7,3—14,5% qand, 0,8—2,4% organik kislotalar, 0,15—0,88% oshlovchi moddalar, S, V2, V9 vitaminlar va boshqalar mavjud. Yangiligida yeyiladi, konservalar, murabbo, jem, vino, qandolat mahsulotlari tayyorlanadi. Hosildorligi 100 ts/ga. Mevasi may— iyunda pishib yetiladi. Olcha danagidan, iddiz bachkisidan hamda payvandlab ko’paytiriladi. Ekilgandan so’ng 3-4-yili hosilga kiradi, 6-7-yili yaxshi hosil beradi. Olchaga qisqa tanali qilib, siyrak pog’onali shakl beriladi. O’zbekistonda Olchaning griot, lyubskaya 15, Podbelskaya, Samarqand, Turgenevka, Qora shpanka navlari ekiladi (2003). Zararkunandalari: olcha arrakashi, olcha uzunburuni, bitlar, olcha pashshasi va boshqalar. Kasalliklari: meva chirishi, klyasterosporioz, kokkomikoz, tsitosporoz va boshqalar. Ad.: Leyn A. N., Olcha va gilos, T., 1962; Ribakov A. A., Ostrouxova S. A., O’zbekiston mevachiligi, T., 1967.