Olloqulixon karvonsaroyi va timi
Olloqulixon karvonsaroyi va timi — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1832-33). To’g’ri to’rtburchak tarxli (69,0×58,0 metr), burchaklariga guldasta — minoralar ishlangan. Karvonsaroyga shimoliy va Janubdagi peshtoq orqali kiriladi. Uning keng hovlisi (46,3×42,4 metr) va hovli atrofidagi 2 qavatli hujralar (4,6×2,9 metr) bir xil hajmda 105 tani tashkil qiladi. Hujralar hovli sahniga qaratilgan. Burchaklaridagi 8 ta hujralar (5×5 metr) gumbazi baland qilib ishlangan, ular eshik tepasidagi tobadon panjaralari orqali yoritiladi. Tomi balxi gumbazli. Hovliga kiriladigan yo’lak 2 tomondan peshtoq bilan chegaralangan. Peshtoq qanotlari ichida 2-qavatga olib chiqiladigan aylanma zinalar bor. Pastdagi xonalarda yuk saqlangan, yuqoridagilaridan mehmonxona sifatida foydalanilgan. Karvonsaroyning tashqi va ichki tuzilishida o’ziga xos tomonlar bor. Masalan, shu tipdagi binolarda ichkariga maxsus xonalar orqali aylanib o’tilsa, bu yerda ichkariga yuklar bilan 2 gumbaz ostidan to’g’ri o’tish mumkin. Hovli o’rtasi ot-aravaga mol yuklashga qulaylashtirilgan. Tim karvonsaroyga nisbatan keyinroq qurilgan. Karvonsaroyning bosh tarzi Tim qurilishi (1835— 38)da tamoman o’zgartirilgan. Pastki qavatda ravoqlar asosi mustahkamlangan, 24 ta hujraning 2-qavati butunlay buzilgan va Tim gumbazlari (katta gumbaz diametri — 9,5 va 10,7 metr, kichik gumbaz diametri — 6,0 metr) ni o’rnatish uchun moslashtirilgan. Tim tarxi —74×26,5 metr, 2 ta katta gumbaz (markazida va g’arbida), 2 qatorli 12 ta mayda gumbazlar karvonsaroy oldidagi katta gumbazli xonaga kelib takalgan, xuddi shunday gumbazli xona timning g’arbida ham bor. Tim ichkarisi gumbazlardagi tuynuklar orqali yoritilgan. Timda savdo rastalari joylashgan. Gumbazlarni qurishda ustalar binoga mos (to’rtburchak, chorsi, olti qirrali shakllarda) qurilma asosini topa olganlar. Ad.: Mankovskaya L., Bulatova V ., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.