ATIRGUL

ATIRGUL (Rosa L.) — ra’nodoshlar turkumining xushmanzara o’simlik sifatida ekiladigan bir qancha turiga xalq tomonidan qo’yilgan umumiy nom. Bu turkumning yovvoyi holda o’sadigan turlari xalqda ra’no, na’matak, qirq og’ayni va itburun nomlari bilan ma’lum. Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida keng tarqalgan. Atirgulning yer yuzida 250 -300 turi, 25 mingdan ortiq navi bor. O’zbekistonda 19 turi, 600 dan ortiq navi o’stiriladi. Bu navlar gulining katta-kichikligi, rangi, hidi, poyada o’rnashishi, gullash davri, poyaning tikka yoki ilashib o’sishi kabi xususiyatlari bilan farq qiladi; fasl bo’yi uzluksiz yoki takroriy gullab turadigan va poyasi ilashib o’sadigan xillari ko’proq ekiladi. Atirgul asosan, payvand qilib, parxishlab va kalamchasini ekib ko’paytiriladi. Payvand qilish yo’li bilan ko’paytirishda iyulda terilgan na’matak mevalaridan ajratib olingan urug’lar nam joyda saklanib, noyabr oxiri — dekabr boshlarida ochiq dalaga sepiladi. Urug’unib chiqqanidan keyin kelasi yili aprel — avgust davomida 4 — 5 marta chopiq qilinadi, 8 — 10 marta sug’oriladi; avgust — sentabr oylarida Atirgul navi kurtaklari na’matakka payvand qilinadi. Kelasi yil erta bahorda payvandtag unga ulangan kurtak yuqorisidan kesib tashlanadi, payvandni bog’lagan chipta bo’shatiladi. Yoz davomida bachki shoxchalar 1 — 2 marta yulib tashlanadi, payvandi gul 15 — 20 santimetr o’sgach, uning bo’yiga cho’zilishiga va muddatidan oldin gullashiga yo’l qo’yilmaydi. Buning uchun payvandi gulning uchi kesilib, vaqt-vaqti bilan yon shoxlari qisqartib turiladi. Atirgulni maxsus o’sishni faollashtiruvchi moddalar bilan ishlov berib qalamchalardan ham ko’paytirish mumkin. Atirgul ko’chatlari gulzorlarga kuzda va bahorda o’tqaziladi. Gulzor tuprog’i oldindan 30 — 35 santimetr chuqurlikda yumshatiladi, 1 metr kvadrat yerga 5 — 10 kilogramm gung solinadi. Ko’chat 70 x 70 santimetr oraliqda o’tqaziladi. Ko’chat o’tqaziladigan chuqo’rning kengligi 30-40 santimetr, chuqurligi 40 — 50 santimetr qilinadi. Yoz davomida gulzor 20 martagacha sug’oriladi, 6 martagacha chopiladi, 2 marta (1 metr kvadrat yerga 30 gramm selitra va 45 gramm ammoniy sulfat hisobidan) oziqlantiriladi, unshudring kasalligiga qarshi oltingugurt kukuni bilan dorilanadi, begona o’tlardan xoli tutiladi. Kech kuzda novdalar 1 — 2 kurtak qoddirib kesiladi. Ba’zi navlarning gulbarglaridan gulqand, murabbo qilinadi. O’zbekiston sharoitida Atirgul ochiq yerlarda apreldan noyabrning oxirigacha ochilib turadi, issiqxonalarda yil bo’yi gul olish mumkin. Frantsiya, Bolgariya, Turkiya, Italiya va boshqa mamlakatlarda ayrim turlari (Damashq, frantsuz va boshqalar) navlaridan qimmatbaho efir moyi olinadi. Lutfulla Abdurahmonov.

ATIRGUL — atirgul shaklidagi bezak, amaliy bezak san’atida keng qo’llanadi. Atirgul kashtachilik (jumladan, do’ppido’zlik) da milliy iroqi usuli bilan tikib, zargarlik (bilaguzuk yuziga), miskarlik (mis idishlar bezagi) da o’yib va boshqa usulda yaratiladi.