Qo’chqor
Qo’chqor — sovliqlarni urug’lantirishda foydalaniladigan erkak qo’y. Zotli Qo’chqorlar 1,5 yoshidan sovliqlarni qochirishga qo’yiladi. Xo’jalikda 7 yil foydalaniladi. Qo’ychilikda sun’iy urug’lantirish qo’llanishi munosabati bilan Qo’chqorlar 2 toifaga — asosiy nasldor Qo’chqorlar va sinovchi Qo’chqorlar guruhiga ajratiladi. Asosiy nasldor Qo’chqorlardan sovliqlarni urug’lantirishda, sinovchi Qo’chqorlardan suruv tarkibidan kuyikkan qo’ylarni aniqlash va ajratishda foydalaniladi. 120-180 bosh kichik guruh sovliqlar ichiga 3 bosh Qo’chqor (60 sovliqqa bir sinovchi Qo’chqor hisobidan) qo’yiladi. Qo’ychilikda bir Qo’chqor bilan 3000, hatto 5000 sovliqni sun’iy urug’lantirish mumkin. Odatda, yetuk yoshdagi Qo’chqorlardan olingan urug’lar bilan bir mavsumda sun’iy qochirishda o’rtacha 300-500 bosh, erkin va qo’lda qochirishda (tabiiy holda) esa 30-70 bosh sovliq urug’lantiriladi. Nasl olish uchun qoldirilgan Qo’chqorlar tug’ilgan kunidan to 1,5 yoshga qadar doimiy nazorat ostida bo’ladi va alohida parvarish qilinadi. Qo’chqorlar donador va aralash yem, mineral moddalar va vitaminli hamda oqsilga boy ozuqalar bilan boqiladi. Ayrim shoxdor Qo’chqor zotlari urishqoqligi bilan ajralib turadi. O’zbekistonda ommaviy xalq sayillarida Qo’chqor urishtirish tomoshalari juda qadimdan o’tkazib kelingan.