Qozog’iston (Qazaqstan), Qozog’iston Respublikasi (Qazaqstan Respublikasi)
Qozog’iston (Qazaqstan), Qozog’iston Respublikasi (Qazaqstan Respublikasi) — Yevrosiyo materigining Markaziy qismida joylashgan davlat. G’arbda Kaspiy dengizi bilan tutashgan. Maydoni 2724,9 ming km2. Aholisi 15 million kishi (2005). Poytaxti — Ostona shahri. Ma’muriy jihatdan 14 viloyat, viloyatlar audan (tuman)larga bo’linadi. Davlat tuzumi. Qozog’iston — boshqaruvning prezidentlik shaklidagi unitar davlat. Amaldagi Konstitutsiyasi 1995 yil 30 avgustdagi referendumda qabul qilingan; 1998 yil 7 oktabrda o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan. Davlat boshlig’i — Prezident (1990 yil apreldan N.A.Nazarboyev), u umumiy, teng va to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament (Senat va Majlis), ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Qozog’istonning hududi g’arbda Volga daryosi quyi oqimidan Sharqda Oltoygacha va shimolda G’arbiy Sibir tekisligidan Janubda Tyanshan tog’larigacha cho’zilgan. G’arbda Kaspiybo’yi pasttekisligi va Mang’ishloq yarim oroli bor; bu yerda dengiz sathidan past botiqlar (masalan, Qoragiyo — 132 metr) uchraydi. Mang’ishloqdan Sharqda Ustyurt platosi (balandligi 340 metrgacha) joylashgan. Kaspiybo’yi pasttekisligi shimoliy-Sharqda Ural tog’larining Janubiy tarmoqlari va Mug’ojar tog’i bilan chegaralangan. Mug’ojar tog’idan shimoliy- Sharqda To’rg’ay platosi bor. U Janubda Turon pasttekisligi (Qizilqum cho’li)ga tutashib ketadi. Orol dengizidan shimolda katta va kichik bo’rsiq qumli cho’llari va Orolbo’yi Qoraqumi joylashgan. Qozog’istonning Markaziy qismini Qozog’iston past tog’lari (Sariorqa) egallagan. Bu yerda Qizilray (1565 metr), Qarqarali (1366 metr), Ulug’tov (1133 metr) kabi alohida tog’ massivlari bor. Qozog’iston past tog’laridan Janubda Betpaqdala cho’li, undan Janubda Mo’yinqum cho’li joylashgan. Betpaqdaladan Sharqda katta maydonni egallagan Yettisuv hududi mavjud. Qozog’istonning sharqi va Janubi-sharqida Oltoy tog’larining Janub tarmoqlari, shuningdek, Saura, Tarbag’atay, Jung’ariya Olatovi tizmalari, shimol va G’arbiy Tyanshanning ayrim tizmalari joylashgan. Qozog’istonda foydali qazilmalardan Mug’ojar tog’i tokembriy va paleozoy burmali va metamorfozlashgan qatlamlari orasida mis kolchedani, To’rg’ay bukilmasi zaminida magnetit rudalari (Sokolov, Sarbay va boshqalar) hamda qo’ng’ir temirtosh (Qo’stanay viloyati), qo’ng’ir ko’mir, boksit uchraydi. Qozog’istonning burmali paleozoy zaminida rudali va noruda foydali qazilmalar (mis, polimetall va boshqalar)ning yirik konlari bor. Shuningdek, toshko’mir (qaraganda, Ekibastuz) va qo’ng’ir ko’mir (maykuba) konlari mavjud. Mug’ojar tog’ining vulkanogen jinslarida xromit, nikel, kobalt, oltin, asbest bor. Qozog’iston hududida qo’rg’oshin, rux, molibden, volfram, fosforit. barit, kadmiy, vismut, Profillit, neft, gaz, yonuvchi slanes, marganes. titan, vannadiy, temir, alyuminiy, qalay rudalari, oltingugurt, mirabilit, flyuorit ham bor. Iqlimi keskin kontinental. Qish shimolda sovuq, markazi va Janubda mo’tadil sovuq, chekka Janubda yumshoq. Yanvarda o’rtacha temperatura shimolda -18°, tekislik qismining Janubda — 3°. Shimol va Markaziy rayonlarda qishda — 45° gacha, Janubda — 35° gacha sovuq bo’ladi. Yozi shimolda iliq, Janubda issiq. Iyulda o’rtacha temperatura shimolda 19°, Janubda 28-30°. Yillik yog’in dasht va o’rmonli dashtlarda 250— 400 mm, cho’l va chala cho’lda 100-200 mm. Balxashbo’yi, Orolbo’yi Qizilqumi va Ustyurt Janubda 100 mm dan kam. Tog’oldi va tog’larda yillik yog’in 400— 1600 mm. Qozog’iston hududining hamma qismida kuchli shamollar bo’ladi. Qozog’iston Janubdagi tog’larda muzliklar bo’lib, ularning soni 2700 dan ziyod, umumiy maydoni 2000 km2 chamasida. Qozog’istonda 85 mingdan ziyod daryo va soy bo’lib, shundan 328 tasining uzunligi 100 kilometrdan ortiq. Daryolarining aksariyati ichki berk havzalar (Kaspiy va Orol dengizlari, Balxash ko’li va boshqalar)ga oqadi. Tekisliklardan oquvchi daryolarning ko’pi yozda qurib qoladi. Tog’ daryolari sersuv va gidroenergiyaga boy. Asosiy daryolari — Irtish, Ural, Chu, Ili, Sirdaryo. Chordara, Buxtarma, Qopchig’ay va boshqa suv omborlari bor. Qozog’istonda 48,3 mingga yaqin ko’l bor; ularning umumiy maydoni 45 ming km2 dan ortiq. Yirik ko’llari: Balxash, Zaysan, Olako’l, Tengiz, Sassiqko’l, Marqako’l va boshqalar. Tuproqlari shimolda 52° shu kabilargacha qoratuproq, 52-48° shu kabilar orasida kashtan tuproq, undan Janubda qo’ng’ir va bo’zqo’ng’ir cho’l tuproqlari bilan birga qumli va taqir tuproqlar, tog’larda tog’ qo’ng’ir, tog’kashtan, qora tuproq, bo’z o’rmon va tog’-o’tloqi qoramtir tuproqlar tarqalgan. Tog’ tepalarida tog’-o’tloqi Subalp va Alp tuproqlar mintaqasi joylashgan. Qozog’istonda o’simliklarning 15 ming turi bor. Tekislik qismi o’simlik qoplamining xarakteriga qarab 3 asosiy zonaga: dasht, chala cho’l va cho’l zonalariga bo’linadi. Dasht zonasida har xil boshoqli o’simliklar o’sadi, shimolroqda qayinzorlar uchraydi. Chala cho’l zonasida shuvoq-boshoqli o’simliklar ko’proq. Cho’l zonasi eng katta maydonni egallagan. Qizilqum cho’lida qora saksovulzorlar bor. Yirik daryo vodiylarida to’qay o’rmonlari (jiyda, turang’il, tol, ching’il) o’sadi, daryo va ko’l bo’ylari qamishzor. Tog’ etagi tekisliklari va tog’ oldilarida efemer va efemeroidlar. tog’ yon bag’irlarida butalar (na’matak, zirk va boshqalar), yovvoyi mevali daraxtlar o’sadi. Tog’larning o’rta mintaqasi igna bargli o’rmonlar bilan qoplangan, tog’tepalari subalp va Alp o’tloqlaridan iborat. Hayvonot dunyosida sut emizuvchilarning 180 turi, qushlarning 500 turi, sudralib yuruvchilarning 52 turi, suvda va quruqda yashovchilarning 12 turi, baliqlarning 104 turi yashaydi. Umurtqasiz hayvonlar ko’p. Kemiruvchilar, asosan, cho’l va dasht yerlarda tarqalgan. Cho’l va chala cho’llarda sayg’oq, jayran, tog’larda Maral, tog’takasi, arxar, yovvoyi cho’chqa, yirtqichlardan bo’ri, tulki, bo’rsiq, tog’o’rmonlarida qo’ng’ir ayiq, qor qoploni, silovsin, rosomaxa, kolonok, tiyin va boshqalar yashaydi. Suv parrandalaridan yovvoyi g’oz, o’rdak, Tengiz ko’lida qizil g’oz, qamishzorlarda laylak, birqozon, turna, dashtda burgut va hokazolar bor. Sudralib yuruvchilar ko’p. Daryo va ko’llari baliqqa boy. Oqsuv-Jabalg’a, Olmaota, Borsakelmas, Qurg’alja, Marqako’l, Naurzum qo’riqxonalari, bayanovul milliy bog’i bor. Aholisi. Qozog’istonda 131 millat va elat istiqomat qiladi. Asosiy aholisi qozoqlar (55,7%). Shuningdek, rus, Ukrain, nemis, o’zbek, tatar, uyg’ur va boshqalar ham yashaydi. Davlat tili — qozoq tili. Shahar aholisi 56%. Dindorlarning aksariyati musulmon-sunniylar, pravoslavlar (8,2%), protestantlar (2,1%) ham bor. Yirik shaharlari: Olmaota, Qarag’anda, Chimkent, Pavlodar, Semipalatinsk. Tarixi. Hozirgi Qozog’iston hududida miloddan avvalgi 4-3-ming yilliklarda (eneolit davri) yaylov chorvachiligi paydo bo’ldi. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida ko’pgina dasht qabilalari yaylov chorvachiligi bilan shug’ullana boshladi. Bu qabilalar, asosan, ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvachilik bilan shug’ullangan, hunarmandchilik va qisman dehqonchilik ham qilgan. Miloddan avvalgi 3-1-asrlarda hozirgi Qozog’iston hududida Qang’ davlati vujudga keldi. Milodiy 6-asr o’rtalarida Turk xoqonligi, 8-asr boshlarida ili va Chu daryolari oralig’idagi hudullarda turgashlar, 766 yil qarluqlar davlati tashkil topdi. Turgashlar, keyinchalik Qarluqlar xoqonligida (766— 940) hunarmandchilik va savdo markazlari bo’lgan shaharlar (Taroz va boshqalar) paydo bo’ldi. 8-10-asrlarda Qozog’iston Janubda Islom dini tarqaldi. 9-11-asrlarda Qozog’istonning g’arbiy va Janubiy-g’arbiy hududlari o’g’uzlar davlati tarkibida bo’lgan. 8-11-asrlarda shimoliy-Sharqiy va Markaziy hududlarda kimaklar va qipchoqlar yashagan (bu katta hudud Dashti Qipchoq deb atalgan). 10-asrning 1-yarmida Yettisuvga Sharqiy Turkistondan yag’molar bostirib kirdi. Ularning hujumi natijasida Qarluq xoqonligi parchalanib, uning o’rnida Qoraxoniylar davlati paydo bo’ldi. 1219-21 yillarda Qozog’iston mo’g’ullar tomonidan bosib olinib, Chingizxon o’g’illari o’rtasida taqsimlandi. Mo’g’ullar hukmronligi davrida Qozog’iston Oltin O’rda tarkibida, u parchalangach, oq O’rda va Mo’g’uliston tarkibida bo’lgan. Amir Temur 1391 yil To’xtamishta qarshi yurishi chog’ida Qozog’istondagi Ulug’tog’ (Ulutov)da qarorgoh qurgan va toshtaroshlarga safari haqida xarsang toshga bitik bitishga farmon bergan. Oradan 200 yil o’tgach, Abdullaxon II ham Dashti Qipchoqqa yurishidan yodgorlik sifatida Ulug’tog’da masjid qurdirgan. Katta hududni birlashtirgan oq O’rda 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida bir necha mulklarga ajralib ketdi (asosiy hududlarni birlashtirgan No’g’ay O’rda va O’zbek xonligi ularning eng yiriklari bo’lgan). 15-asr oxirida Yettisuvda qozoq xonligi vujudga keldi. 16-asr boshlarida qozoq elatining uzoq davom etgan shakllanishi nihoyasiga yetdi. Qosimxon davri (1511 — 23)da Qozoq xonligi mustahkamlanib, chegarasi kengaydi, aholi soni ortdi. 16-asr o’rtalarida No’g’ay o’rdasi, keyinroq Mo’g’uliston va Sibir xonliklari parchalanib ketdi. Qozoq xonligi juzlarga bo’linib, katta juz (Yettisuv), O’rta juz (Markaziy Qozog’iston) va kichik juz (G’arbiy Qozog’iston) deb atala boshladi. 17-asrda juzlar hududlarida mustaqil xonliklar paydo bo’ldi. 18-asr boshlarida Qozog’istonga Jung’ariya xonligi xavf solib turdi (1729 yil jung’arlar katta juzning talay yerlarini bosib oldi). 1726 yil Abulxayrxon Kichik juz oqsoqollari nomidan Rossiya podshosiga fuqarolikka olishni iltimos qilib murojaat qildi. 1731 yil Kichik juz Rossiya tarkibiga kira boshladi. 1731-40 yillarda O’rta juzning ayrim xon va sultonlari Rossiya fuqaroligini qabul qildilar. 18-asr o’rtalarida qozoq sultonlari orasida nizo kuchayib, pirovardida Abulxayrxon o’ldirildi (1748). Uning o’g’li Nurali kichik juz xoni bo’lib, podsho ma’muriyatiga tayandi va o’z hokimiyatini O’rta juzning bir qismiga, shuningdek, Xivaga ham yoyishga urindi. Ammo u muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jung’arlarning Xitoydan mag’lubiyatga uchrashi (1758) natijasida hududining katta qismi jung’arlar hokimiyati ostida bo’lgan katta juzda manjurlar hukmronligi o’rnatilishi xavfi paydo bo’ldi. Qozog’istonning Janub hududlari, jumladan, Chimkent ham Qo’qon xonligi tarkibiga kirdi. 19-asr boshlarida O’rta juz xonlari Buke (1815), Vali (1819) vafotidan so’ng podsho hukumati xon hokimiyatini tugatib, 1822 yildan yangicha boshqarish tizimini joriy etdi. 1824 yil Kichik juzda ham xon hokimiyati tugatildi; urug’oqsoqollari hokimiyatini cheklaydigan hududiy boshqaruvga o’tildi. Dasht yerlarning Janub hududlari Qo’qon va Xiva xonliklari tarkibida qoldi. 1853 yil Orenburg va samara general-gubernatori V.A.Perovskiy Qo’qon xonligiga qarashli Oqmachit qal’asini ishg’ol qilib, uni tayanch punktga aylantirdi. 1854 yil Verniy istehkomi (hozirgi Olmaota) qurildi. Rossiyaning ta’siri kuchayib borayot- ganligidan xavfsiragan Qo’qon xoni Xudoyorxon 1860 yilning kuzida ruslarning Verniy istehkomini bosib olish uchun 20 ming askar yubordi. O’sha yilning oktabrda rus qo’shinlari qozoq otryadlarining yordamida Uzunog’och darasida Qo’qon xoni askarlarini mag’lubiyatga uchratdi. Natijada Yettisuvning barcha qismi Rossiyaga qo’shib olindi. 19-asrning 60-yillarida qozoq yerlarining Rossiyaga qo’shib olinishi tugallandi. Podsho hukumati o’lkada ma’muriy islohotlar o’tkazdi. 1867 yil Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Yettisuv va Sirdaryo viloyatlari, 1868 yil Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Ural va To’rg’ay viloyatlari, G’arbiy Sibir (keyinchalik dasht) general-gubernatorligi» tarkibida Akmolinsk va Semipalatinsk viloyatlari tashkil etildi. Viloyatlar uezdlarga, uezdlar volostlarga, volostlar ovullarga bo’lindi. Barcha yerlar davlat mulki deb e’lon qilindi. 1867-68 yillardagi islohotlar qozoq jamoalarining barcha tabaqalarida norozilik tug’dirdi. Natijada mustamlakachilik zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tarildi. U shafqatsiz bostirildi. Qozog’iston Rossiya sanoati uchun o’z tovarlarini sotish bozori va xom ashyo bazasi bo’lib qoldi. 1-jahon urushi yillari (1914— 18) da qishloq xo’jalik mahsulotlari va chorva mollarini ommaviy ravishda tortib olish, soliqlarning ko’payishi, qimmatchilik, qozoq aholisining mardikorlikka safarbar qilinishi (1916) aholi orasida g’alayonlarning avj olishiga sabab bo’ldi. 1916 yilga kelib g’alayonlar Qozog’istonning butun hududini qamrab olgan milliy ozodlik harakatiga aylandi. Ayniqsa, bu harakat To’rg’ay viloyatida uzoq davom etib, unga xalq qahramoni Omongeldi Imonov rahbarlik qildi. 1917 yil noyabr — 1918 yil Fevralda Qozog’istonda sovet hokimiyati o’rnatildi. Qozog’istonning Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari 1918 yil aprelda tashkil etilgan Turkiston ASSR tarkibiga kiritildi. 1920 yil 26 avgustda RSFSR tarkibida Qirg’iziston (Qozog’iston) ASSR tuzildi. 1920 yil 4-12 oktabrda Orenburgda bo’lib o’tgan Qozog’iston Sovetlarining ta’sis s’ezdi RSFSR tarkibida Qozog’iston ASSR tuzilganligini e’lon qildi. 1936 yil Qozog’iston ASSR SSSR tarkibidagi ittifoqdosh respublikaga aylantirildi. 1990 yil 25 oktabrda davlat suvereniteti to’g’risida deklaratsiya qabul qilindi. 1990 yil 10 dekabrda Qozog’iston Respublikasi deb nomlandi. 1991 yil 16 dekabrda respublika Oliy Kengashi davlat mustaqilligi to’g’risida qonun qabul qildi. 1991 yil 21 oktabrda MDH tarkibiga kirdi. Qozog’iston — 1992 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 23 oktabrda O’zbekiston Resbpublikasi suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 16 dekabr — Mustaqillik kuni (1991). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushma birlashmalari. Qozog’iston agrar partiyasi, 1999 yil yanvarda tuzilgan; Qozog’iston fuqarolik partiyasi, 1998 yil noyabrda asos solingan; Qozog’iston demokratik partiyasi, 2004 yil aprelda tashkil etilgan; Qozog’iston «Aq jol» («oq yo’l») demokratik partiyasi, 2002 yil martda tuzilgan; Qozog’iston «Auml» («Qishloq») sotsial-demokratik partiyasi, 2000 yil yanvarda asos solingan; Qozog’iston xalq kommunistik partiyasi, 2004 yil aprelda tashkil etilgan; Qozog’iston kommunistik partiyasi, 1991 yil tuzilgan; «Qozog’istonning demokratik tanlovi» xalq partiyasi, 2001 yil noyabrda asos solingan; Qozog’iston vatanparvarlar partiyasi, 2000 yil tashkil etilgan; Respublika «Otan» («Vatan») siyosiy partiyasi, 1999 yil yanvarda asos solingan; «Ruhoniyat» partiyasi, 2003 yil aprelda tuzilgan. Qozog’iston erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1991 yil avgustda tuzilgan; Qozog’iston mehnat konfederatsiyasi, 2004 yil 2 martda tashkil etilgan; Qozog’iston Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1990 yil oktabrda asos solingan. Xo’jaligi. Qozog’iston — industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 22,2%, savdo va umumiy ovqatlanish 18,1%, qishloq xo’jaligi va o’rmon xo’jaligi 12,7%, transport va aloqa 11,8% ni tashkil etadi. Sanoatida yonilg’i-energetika, qora va rangli metallurgiya, oziq-ovqat, mashinasozlik va metallsozlik, kimyo va neft kimyosi, yengil, qurilish materiallari sanoati yetakchi tarmoqlardir. Qora metallurgiya sanoati markazlari Temirtov, Oqto’ba, Qarag’anda, Oqsuv shaharlari. Rangli metallurgiya sanoati mis (Balxash va Jezqazg’an kon-metallurgiya kombinatlari), qo’rg’oshin-rux (ust-Kamenogorsk, chimkent), alyuminiy (Pavlodar) sanoatini o’z ichiga oladi; titan-magniy ishlab chiqariladi. Mashinasozlik (temir-press uskunalari, stanok, ekskavator, traktor, qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarish) korxonalari Qarag’anda, Olmaota, Ostana, Pavlodar, ust-Kamenogorsk sh.larida joylashgan. Kimyo sanoati korxonalari mineral o’g’it, fosfor, plastmassa, sintetik kauchuk, kimyoviy tola va boshqalar ishlab chiqaradi (Qoratov, Chimkent, Taroz, aterov). Aterov, Pavlodar shaharlarida neftni qayta ishlash zavodlari bor. Qurilish materiallari sanoatida tsement, ohak, g’isht, temir-beton konstruktsiyalari ishlab chiqarish, yengil sanoatning ko’n-poyabzal, teri-mo’yna, jun, trikotaj, ip-gazlama ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlangan. Oziq-ovqat sanoatida go’sht, yog’, qand-shakar va konserva ishlab chiqariladi. Toshko’mir (Ekibastuz, Qarag’anda havzalari), neft va tabiiy gaz (Mang’ishloq yarim oroli), temir rudasi (Sokolov-Sarbay koni), polimetall, mis, uran, xrom, qo’rg’oshin, nikel rudalari, rux, vismut, kadmiy, molibden, boksit qazib olinadi. yiliga o’rtacha 58,6 milliard kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi — I (85,7% issiqlik elektr stansiyalarida). Irtish (Ust-Kamenogorsk, Buxtarma), Sirdaryo (Chordara), Ili (Qopchig’ay) daryolarida yirik GESlar bor. Qishloq xo’jaligida mamlakat hududining 44% dan foydalaniladi; uning 19% haydaladi, 1% ga yaqini sug’oriladi. 1954-60 yillarda qo’riq va bo’z erlarning o’zlashtirilishi natijasida Qozog’iston g’alla yetishtiruvchi yirik Respublikaga aylandi. Lalmi va sug’oriladigan yerlarda g’allachilik bilan birga go’sht-jun qo’ychiligi va go’sht-sut chorvachiligi ham rivojlangan. G’allachilikda, asosan, bug’doy yetishtiriladi. Shuningdek, paxta, kungaboqar, zig’ir, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevachilik, tokchilik, polizchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y va echki, uy parrandasi, tuya va yilqi boqiladi. Transportida temir yo’llar uzunligi 13,5 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 87,4 ming kilometr. Kaspiy va Orol dengizlari, Balxash ko’li, Irtish, Ural, Sirdaryo daryolarida kema qatnaydi. Truboprovod transporti rivojlangan. «Eyr Qazaqstan» havo yo’llari kompaniyasi mavjud. Qozog’iston chetga neft, tabiiy gaz, qora metall, mis, g’alla, ko’mir va boshqalar chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari, mashina va jihozlar oladi. Tashqi savdoda Rossiya, Ukraina, Qirg’iziston, Germaniya, Xitoy bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — tenge. Tibbiy xizmati. 2005 yil Qozog’istonda 50,6 ming vrach (10 ming aholiga 33,9 vrach), 104,4 ming o’rta tibbiyot xodimi (10 ming aholiga 74,1 o’rta tibbiyot xodimi) ishladi. Vrachlar mamlakatdagi ixtisoslashtirilgan 6 oliy o’quv yurtida tayyorlanadi. Qozog’iston hududida «Borovoe», «olma-Arasan», «Sariog’och» kurortlari, olatov, Bayanovul, Kapal-Arasan, Mo’yaldi, Yangiqo’rg’on kurort joylar bor. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 19-asr 2-yarmigacha Qozog’iston hududida faqat musulmon maktab va madrasalari bo’lgan. 19-asrning 2-yarmidan dunyoviy maktablar, xususan, 1850 yil Orenburg chegara komissiyasi huzurida qozoq bolalari uchun 7 yillik maktab ochildi. 1864 yil To’rg’ayda qozoq demokrat-ma’rifatparvar pedagogi N.Oltinsarin tashabbusi bilan qozoq maktabi va uning qoshida internat tashkil etildi. 1879-89 yillarda Qozog’istonning turli uezdlarida 2 sinfli rus-qozoq maktablari, 1888 yil Orskda muallimlar maktabi ochildi. 1929 yil lotin alifbosi asosida qozoq yozuvi yaratildi. 1940 yil rus alifbosi asosidagi yozuvga o’tildi. 1992 yildan ta’lim tizimida islohotlar amalga oshirildi. Umumiy o’rta ta’lim maktablari kabi o’rta ma’lumot beradigan litsey, gimnaziya, hunar-texnika maktablari, kollejlar paydo bo’ldi. 2003 yil respublikada 108 gimnaziya, 63 litsey, litsey va gimnaziya sinflari bo’lgan 289 maktab, iqtidorli bolalar uchun mo’ljallangan 30 maktab ishladi. 312 hunar-texnika maktabida 89 mingdan ziyod, 382 kollejda 207 mingdan ortiq o’quvchi o’qidi. Qozog’istonda birinchi oliy o’quv yurti — Qozog’iston pedagogika instituti 1928 yil Olmaota shahrida ochilgan. 2005 yil Qozog’istonda 43 davlat oliy o’quv yurti ishladi. Yiriklari: qozoq milliy universiteti, Yevrosiyo milliy universiteti, Qozog’iston milliy agrar universiteti, Qozog’iston milliy texnika universiteti, Qozog’iston milliy konservatoriyasi, qaraganda universiteti, Olmaota texnologiya universiteti va boshqalar. Qozog’istonda ilmiy tadqiqotlar Qozog’iston Respublikasi milliy fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institut va muassasalarida, mamlakat oliy o’quv yurtlari hamda turli vazirlik, muassasalar ixtiyoridagi soha ilmiy tadqiqot institutlarida olib boriladi. Qozog’istonda bir qancha kutubxona (eng yirigi Qozog’iston Respublikasi milliy kutubxonasi), klub muassasasi, 12 muzey (yiriklari: Qozog’iston Respublikasi davlat muzeyi, San’at muzeyi, Muxtor Avezov uy muzeyi, Abay Qunonboyev memorial muzeyi va boshqalar) bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Qozog’istonda bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: «Aqiqat» («Haqiqat», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1921 yildan), «Atameken» («vatan», qozoq tilidagi gazeta, 1991 yildan), «Vechernyaya Astana», rus tilida haftada 3 marta chiqadigan gazeta, 1991 yildan), «jas alash» («Yosh millat», qozoq tilidagi kundalik gazeta, 1921 yildan), «Julduz» («Yulduz», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1922 yildan), «Qazaqstan ayelderi» («Qozog’iston xotin-qizlari», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1925 yildan), «Kazaxstanskaya pravda» («Qozog’iston haqiqati», rus tilidagi kundalik gazeta, 1920 yildan), «Narodnoe xozyaystva Kazaxstana» («Qozog’iston xalq xo’jaligi», rus tilidagi oylik jurnal, 1926 yildan), «Prostor» («kenglik», rus tilidagi oylik jurnal, 1933 yildan), «Qazaqstanning aunl sharua-shmlng’i» («Qozog’iston qishloq xo’jaligi», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1936 yildan), «ara» («Ari», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1956 yildan). «Qozog’iston axborot agentligi» milliy kompaniyasi, ochiq aktsiyadorlik jamiyati, 1921 yil tashkil etilgan. «Xabar» agentligi, aktsiyadorlik jamiyati, 1996 yil tuzilgan. «Qozog’iston» Respublika teleradiokorporasiyasi, Qozog’iston radiosi (1920 yildan faoliyat ko’rsatadi) va «Qozog’iston» milliy telekanali (1958 yildan faoliyat yuritadi)ni birlashtiradi. «Xabar» teleradiokompaniyasi, 1995 yilda tashkil etilgan. Qozog’istonda radioeshittirishlar 1921 yildan, teleko’rsatuvlar 1958 yildan boshlangan. Adabiyoti. Qozoq xalqi adabiyoti xalq og’zaki ijodi (qo’shiq, ertak, maqol va matal, qahramonlik va lirik-epik dostonlar)dan boshlanadi. «Er Targ’in», «Qambar Batir» va boshqa qadimgi dostonlarda xalq ozodligi, erki va mustaqilligi yo’lida kurashgan xalq qahramonlari madh etiladi. «Qiz Jibek», «bayan suluv», «Ayman-Sholpan» dostonlarida qozoq xalqining erksevarligi kuylanadi. Xalq ertaklarining Aldar ko’sa, Jirenshi, Tazsha, Ayozbi kabi qahramonlarning sarguzashtlari aks ettirilgan ertaklar keng tarqalgan. 15-asrda asan Kayg’i, Sipira, Qaztug’an, 16-asrda Do’stpambet, Shalkiiz, 17-asrda Jiembet, Marg’aska Jirov, Aqtamberdi, 18-asrda Tetiqora, Buqar kabi jirovlar o’z dostonlari bilan mashhur bo’ldilar. 18-19-asrlarda qozoq madaniyati, jumladan, qozoq adabiyoti taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Janaq Sog’indiq o’g’li, Sho’ji Qarja-Ubay o’g’li, Suyunbay Aron o’g’li, Shortanboy qanay o’g’li, Murat Mo’nke o’g’li, Abubakir Sho’qon o’g’li va boshqalar taraqqiyparvar xalq oqinlarining asarlari paydo bo’ldi. 19-asr o’rtalarida B. Qo’jagulov, A.Naymanboev kabi oqinlar, shoira T.Tansanbekova, Jambul Jabaev va boshqaning asarlari ommalashdi. Bu davrda etnograf va folklorshunos Ch.Valixonov adabiyotda ma’rifatparvarlik g’oyalarini yoydi. 19-asr 2-yarmida tanqidiy realizm adabiyoti — qozoq yozma badiiy adabiyot rivojlandi. Uning asoschisi, shuningdek, milliy adabiy tilning yaratuvchisi Abay Qo’nonboev bo’ldi. I.Oltinsarin ma’rifatparvarlik g’oyalarini yaratdi va rus grafikasi asosida qozoq alfavitini ishlab chiqdi. 20-asrda yozuvchilardan S.Kubaev, S.To’rayg’irov, S.Dunentaev, M.Seralin, B.Kuleev, B.Utetileuov, T.Iztileuov, G’.Qarash, N.Ormanbot o’g’li, T.Jo’martboyev va boshqa ma’rifatchi-demokratlarning realistik an’analarini davom ettirdilar. 20-asrning 20-yillarida qozoq adabiyotida Saken sayfullin yetakchi o’rin egalladi. Bu davrda she’riyat (Jambul Jabaev, N.Bayganin, N.Bayzakov, T.Jarokov, A.Tojiboev, G’.O’rmonov. A.Toqmag’ambetov va boshqalar) va Nasr (M.Avezov, S.Muqonov, G’.Musrepov, G’.Mustafin va boshqalar) rivojlandi. 1930-yillarda qozoq adabiyotida mavzu kengaydi (S.Sayfullin, B.Maylin, Aabishev, I. Jonsug’urov, Sh.Husainov asarlari). 2-jahon urushi yillari (1939-45)da qozoq adabiyotida qozoq xalqining jang maydonidagi qahramonligi va mamlakat ichkarisidagi mehnat jasoratini aks ettiruvchi asarlar maydonga keldi. S.Muqonov, A.Toqmag’ambetov, T.Jarokov, G’.O’rmonov, K.Abdiqodirov, X.Bekxojin, J.Mo’ldag’aliev, X.Erg’aliev kabi shoirlar, G’.Mustafin, A.Nurpeisov, M.Avezov, A.Abishev va boshqa adiblarning vatanparvarlik ruhi bilan sug’orilgan asarlari yaratildi. Urushdan keyingi yillarda ham vatanparvarlik mavzui davom ettirildi va bu davrda M.Avezov, G’.Musrepov, A.Nurpeisov, T.Jarokov, G.Kairbekov, A.Tojiboev, G’. O’rmonov, Sh.Husainov, S.Muqonov va boshqalar samarali ijod qildilar. 1948 yil S.Muqonovning «Sirdaryo», 1953 yil «Hayot maktabi», 1953 yil G’.Musrepovning «uyg’ongan o’lka», 1952 yil G’.Mustafinning «Qarag’anda» romanlari yaratildi. 1956 yil M.Avezov «Abayning yo’li» tetralogiyasini yozib tugatdi (1-kitobi 1942 yilda nashr etilgan). 1960-yillarda adabiyotga X.Esenjakov, I. Esenberlin, A.Olimjonov, T.Axtanov, Sh.Murtazaev, A.Nurshaixov, M.Sundetov, A.Kekilbaev, S.Sanbaev. S.Muratbekov, S.Junusov kabi yozuvchilar, J.Muldagaliev, S.Mavlenov, O’.Sulaymonov, K.Mirzaliev, T.Muldagaliev, S.Jienboev, M.Makataev, J.Najmiddinov kabi shoirlar kirib keldi. 1960-90 yillarda I.Esenberlin. Sh. Murtozaev, A.Kekilboev, A.Olimjonov. S.Junusov, S.Smataevlarning tarixiy romanlari paydo bo’ldi. Me’morligi. Qozog’iston hudulida yashagan qabilalarning jez davridagi turar joy qoldiqlari, mozorqo’rg’onlar va hokazolar saqlangan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik va milodiy Dastlabki asrlarda Qozog’iston hududida yashagan qabilalar ko’chma kigiz o’tov uylar bilan birga paxsa, xom g’ishtdan ham uylar qurgan. Urta asrlarda shaharlar [Isfijob (11- asrdan Sayram), Taroz va boshqalar] barpo etildi, qal’a va qo’rgonlar qurildi. 8-asrdan hozirgi Qozogistonning Janub qismida Islom dini tarqalishi munosabati bilan masjid, madrasa kabi yangi tipdagi binolar, Sardoba, hammom, karvonsaroy, konussimon maqbaralar qurildi. 10-asrdan memorial inshootlar (Taroz shahri yaqinidagi Babaji xotin maqbarasi, Oyshabibi maqbarasi) barpo etildi. 13- asr 2-yarmidan shaharlar (Sig’noq. Taroz, Sayram va boshqalar) qayta tiklandi. 14-16-asrlarda shaharlar qurish avj oldi, monumental binolar (Qarag’anda viloyatidagi Alasha xon maqbarasi, 13-asr 2-yarmi; Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasi — Yassaviy majmuasi, 14-asr oxiri — 15-asr boshi) bunyod etildi. 17— 18-asrlarla Qozog’iston hududi chegarasi bo’ylab harbiy istehkomlar — yoyiq shaharchasi (Uralsk), Gurev, Orsk. Semipalatinsk, Orenburg qal’alari qurildi. 19-asrda eklektika ruhida qal’a, ma’muriy va savdo inshootlari, maqbaralar qurildi. 1920-yillarda turar joy va jamoat binolari me’morligida milliy an’anaviy me’morlik unsurlaridan foydalanildi. Balxash, Qarag’anda, Jezqazg’an kabi yangi shaxarlar barpo etildi. 1920-30 yillardagi me’morlikda konstruktivizm g’oyalari o’z aksini topdi. 1950-yillarning 2-yarmidan qurilish ishlari keng ko’lamda davom ettirildi (Olmaotada Hukumat uyi). 1960-70 yillarda ko’p qavatli turar joy binolarining qavati soni oshirildi, yangi me’moriy shakllar («Medeo» sport majmui, 1951, 1971-72 yillarda rekonstruktsiya qilingan, me’morlar V.Katsev, A.Qaynarboev va boshqalar; Shevchenko (hozirgi Oqtov) shaharning me’moriy majmuasi; Olmaotadagi «Qozog’iston» mehmonxonasi, 1978, me’morlar Yu.Ratushniy, L.Uxobotov] yaratildi. 1935 yil Qozog’iston Me’morlar uyushmasi tuzilgan. Tasviriy san’ati. Qozog’iston hududida eng qadimgi tasviriy san’at yodgorliklaridan paleolit davrida hayvonlarning qoyaga ishlangan rasmlari (Qoratov va Xontovda) va neolit davriga mansub g’or rasmlari (Pavlodar viloyatidagi jasiboy g’orida) topilgan. Jez davridan Andronovo madaniyatiga mansub yodgorliklar: hayvon (bug’u, echki va boshqalar)lar haykalchalari, ov manzaralarining qoyaga ishlangan tasvirlari (Olmaota viloyatidagi Tamg’alidara rasmlari) saqlangan, sopol idishlar topilgan. Qozog’istonning o’rta asrlarga mansub tasviriy san’ati namunalaridan erkak, ayol va hayvonlarning tosh haykalchalari, ayollarning bronza haykalchalari saqlangan. O’sha davr amaliy bezak san’ati yodgorliklaridan o’yma, qolipaki naqsh bilan bezatilgan sirsiz va sirlangan sopol idishlar, charm, metall buyumlar ma’lum. 19-asrda qozoqlar hayoti aks ettirilgan tasviriy san’at asarlari yaratila boshladi (Ch.Valixonov, T.G.Shevchenkoning rasm va akvarellari, V.V.Vereshchagin rasmlari). 20-asrning 20-30-yillarida milliy rassom va grafiklar (A.Toshboev, H. va Q.Xojikov va boshqalar) yetishib chiqdi. 40-50-yillarda tasviriy san’atning barcha turlari, jumladan, rangtasvir san’ati rivojlandi (A.Ismoilov, A.Kasteev, A.Cherkasskiy, M.Lizogub). 1960-70-yillarda M.S.Kenboev, K.T. Teljonov, K.M.Shayahmetov, S.A.Aytboev, S.Mambeev kabi rassomlar, X.I.Navro’zboev, B.A.Tulekov, T.S.Do’stmahambetov kabi haykaltaroshlar, R.Saxi, E.Sidorkin kabi grafiklar, L.Xojikova, R.Sansenbin kabi amaliy-bezak san’ati ustalari va boshqalar yetishib chiqdi. 1940 yil Qozog’iston Rassomlar uyushmasi tuzilgan. Musiqasi qozoq oila va aymoqlarining tarixan qaror topgan turmush tarzi (asosan, yarim ko’chmanchi chorvachilik va dehqonchilik), dunyoqarash va e’tiqodlari (shomonlik, tangrichilik va boshqalar) asosida rivoj topgan. An’anaviy musiqa amaliyotida qozoq baqsi (shomon-baxshi), termeshi, olenshi, jirov, oqin, kuyshi, 18-asrdan salsere (sayyor ijodiy guruhlari tashkil etgan Professional sozanda, xonanda)larning ijodi alohida o’rin tutadi. Har bir baqsining o’zi ijod etgan shaxsiy sarin (kuy)lari ilohiy hisoblangan, odamlar ruhiga afsun-jodu, fol ochish, tabobat va b. marosimlar jarayonida katta ta’sir o’tkazgan. Xalq qo’shiqlari mavsum va diniy («tasattiq», «Navrizolen», «jaramazan», «sahar-olen»), tabobat (badik, «arbau»), oilaviy marosim qo’shiqlari («jar-jar», «Sinsu», «bet oshar», «tanisu», «qoshtasu», «joqtau» va boshqalar), inson hayoti turkumiga oid «besik Jiri», «Tusau kesu», «jubatu», «jiirma bes» va boshqalar, terma, o’lan, jirlardan iborat. Xalq musiqa cholg’ulari orasida baqsi va Jirovlarning asosiy cholg’usi hisoblangan qo’biz, cho’ponlar hamda professional sozandalar (Sarmalay va boshqalar) tomonidan keng qo’llanilgan sibizg’a ommalashgan. Xalqning eng sevimli cholgusi bo’lgan do’mbirat turli mazmundagi (o’ynoqi «akjelen», falsafiy «tolg’au», dramatik «qosbosar», lirik «Qonir» va boshqalar) kuylarni Birjansal, Dauletkerey, Tattimbet, Jayau-Musa, Qurmong’ozi, Dina Nurpei-Sova kabi sozanda va bastakorlar ijro etgan. qozoqlarda, shuningdek, changqo’biz, yaqin o’tmishda sherter, jetigen (torli-chertma), karnay, dovul kabi cholg’ular tarqalgan. 1930-yillarda yangi (ko’p ovozli) musiqa shakl va janrlari rivoj topa boshladi. 1934 yil Qozoq xalq cholg’ulari orkestri (1944 yildan Qurmong’ozi nomida), qozoq musiqali teatri (1937 yildan opera va balet teatri), 1935 yil Jambul nomidagi qozoq davlat filarmoniyasi, 1939 yil Qozog’iston kompozitorlar uyushmasi tashkil topdi. E.Brusilovskiy birinchi qozoq operalarini («qiz-Jibek», 1934; «Jalbir», 1935; «er Targ’in», 1937), simfonik asarlar («sari arka» 3-simfoniyasi, 1944 va boshqalar), kantata («Qozog’iston», 1947), V.Velikanov birinchi milliy balet («Kalkaman va Mamir», 1938)larni yaratishgan. «Joldastar» (R.Elebaev), «Qozoq valsi» (L.Xamidi) kabi ommaviy qo’shiqlar ijod etilgan. 1944 yil Olmaotada konservatoriya ochildi. Xalq musiqa ijodini o’rganish va to’plash ishlarida A.Zataevichning xizmatlari («Qozoq xalqining 1000 kuylari», 1925; «Qozoq xalqining 500 kuylari», 1931) katta. 20-asrning 2-yarmida simfoniya (M.To’laboev, K.Kujamyarov, G.Jubanova va boshqalar), opera va balet (S.Muhamedjonov, G.Jubanova, E.Rahmadiev, A.Serkebaev va boshqalar), kamer musiqa (Brusilovskiy, Jubanova va boshqalar), qo’shiq (N.Tlendiyev) va boshqa janrlar rivoj topdi. Musiqa san’ati arboblari orasida dirijyorlar Sh.Kajgaliev, N.Tlendiev, A.Molodov, F.Mansurov, xonandalar R. Abdulin, K.Bayseitova, A. Dnishev, R.Baglanova, E.Serkebaev, B. Tulegenova, B.Dosimjonov, do’bmirachilar K.Jontleutov, R.Omarov, K. Ahmadiyarov, A.Eskaliev, B.Karabalina mashhur. Hozir Qozog’istonda Qozog’iston davlat filarmoniyasi (1935), Abay nomidagi akademik opera va baletteatri (1934), simfonik orkestr (1937), xor kapellasi (1937), Qozoq kontsert birlashmasi (1960), Qozog’iston televideniesi kamer orkestri, «Otrar sozi» folklor-etnografik orkestri (1981), Olmaota konservatoriyasi va Ostona musiqa akademiyasi, 10 dan ortiq musiqa bilim yurti faoliyat ko’rsatmoqda. Teatri. Teatr san’ati unsurlari qadimdan xalq marosimlarida, sayillarda ko’rsatilgan tomoshalarda, masxarabozlik, oqinlarning aytishuvlarida mavjud bo’lgan. 20-asrning 20-yillaridan Semipalatinsk, Qo’stanay, Petropavlovskda havaskorlik truppalari tuzildi. 1922 yil Orenburgda Qozoq xalq maorif instituti huzurida birinchi doimiy teatr to’garagi tashkil etildi. 1926 yil Qizilo’rdada birinchi professional qozoq teatri ochilib, u 1928 yil Olmaotaga ko’chirildi (1961 yildan M.Avezov nomidagi qozoq drama teatri). 1930- yillarda M.Oqinjonovning «Isatoy va Mahambet», M.Avezovning «Tungi momaqaldiroq», G’.Musrepovning «Omongeldi» pyesalari, shuningdek, S.Sayfullin, B.Maylin, J.Shanin, A.Tojiboev, Sh.Husainov, A.Abishevlarning zamonaviy mavzudagi pyesalari sahnalashtirildi. 2-jahon urushi yillari qozoq teatrlari sahnalarida vatanparvarlik ruhidagi tarixiy, folklor asarlar namoyish etildi. 1940-50-yillar qozoq teatri uchun mahorat oshirish yo’lida betinim izlanish davri bo’ldi, tarixiy va zamonaviy mavzularda G’.Mustafinning «Millioner», A.Tojiboevning «Yashnayver, cho’l», «Mayra», S.Muqonovning «Cho’qon Valixonov», M.Avezovning «Enlik va Kebek», K.Muhammadjonovning «Telpak tagidagi bo’rivachcha» asarlari muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. Qozog’iston teatr san’ati rivojiga Sh.Aymanov, S.Qojamqulov, Q.Quanishpaev, R.Qo’ychiboeva, X.Bukeeva, S.Murodova, S.Maykanova, E.Umirzaqov, Q. Badirov, I.Nog’ayboev, Sh.Jandarbekova, B. Rimova va boshqalar katta hissa qo’shdilar. Kinosi. 1928 yil Olmaotada «Vostok-film» trestining bo’limi (kinojur. tayyorlangan, «Turksib» hujjatli filmi yaratilgan, 1929, rejissyor V.Turin), 1934 yil kinoxronika studiyasi tashkil etilgan. 1938 yil «Lenfilm» kinostudiyasida qozoq aktyorlari ishtirokida «omongeldi» badiiy filmi (rejissyor M.Levin) yaratildi. 1941 yil oktabrda Olmaota badiiy filmlar studiyasi ishga tushdi, u 1942 yil Qozog’istonga evakuatsiya qilingan «Mosfilm», «Lenfilm» studiyalari bilan birga Birlashgan Markaziy kinostudiya nomi bilan ishlay boshladi. 1944 yil «Mosfilm» va «Lenfilm» Moskva va Leningradga qaytgach, Olmaotada qolgan studiya kinoxronika studiyasi bilan qo’shildi (1960 yildan «Qozoqfilm» kinostudiyasi). 1950-yillarda qozoq kinematografchilari turli janrlarda filmlar yaratdilar. Rejissyor E.I.Fayk «Qanotli sovg’a» (1956), rejissyor V.P.Voyteskiy «Sening do’stlaring» (1960), rejissyor M.S.Begalin «notinch bahor» (1959), «Yerga qaytish» (1959) filmlarini suratga tushirdilar. «Qozoqfilm»ning eng yaxshi filmlari: «mening ismim Xo’ja» (1963, rejissyor A.Qarsaqbaev), «Aldar ko’sa» (1964), «avlodlar yeri» (1966, ikkalasining rejissyor Sh.Aymanov), «Mashuq to’g’risida qo’shiq» (1970, rejissyor M.Begalin), «qiz Jibek» (1972, rejissyor S.Xojikov), «battol» (1973, qirg’iz rejissyor T.Okeyev), «Alpamis maktabga boradi» (1976, rejissyor A.Qarsaqbayev), «Transsibir tezyurari» (1978, rejissyor E.O’razboev). Rejissyor A.Haydarov multiplikasion filmlar, rejissyorlar O.Abishev. I.Vereshchagin hujjatli filmlar yaratganlar. Qozoq kinosining yetakchi aktyorlari E.Umirzaqov, A.Umirzaqova, K.Kojabekov, F.Sharipova, A.Moldabekov va boshqalar. 1958 yil Qozog’iston Kinematografchilari uyushmasi tuzilgan. O’zbekiston — Qozog’iston munosabatlari. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992 yil ikkala davlat o’rtasida Diplomatiya munosabatlari o’rnatildi. 1997, 2001, 2002 yillarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning Qozog’istonga, 1994, 1998 yillarda Qozog’iston Prezidenti N.Nazarboevning O’zbekistonga tashrifi bo’lib o’tdi. 1998 yil 31 oktabrda ikki davlat o’rtasida imzolangan abadiy do’stlik to’g’risidagi shartnoma davlatlar o’rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi hisoblanadi. Davlatlar o’rtasida gumanitar sohadagi hamkorlik mana shu shartnoma, 1994 yil 10 yanvarda imzolangan Madaniyat, sog’liqni saqlash, fan, ta’lim, turizm va sport bo’yicha hamkorlikni chuqurlashtirish to’g’risidagi hukumatlararo bitim, 1998 yil 31 oktabrda O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan Qozog’iston Respublikasining ta’lim, madaniyat va sog’liqni saqlash vazirligi o’rtasida ta’lim sohasida hamkorlik to’g’risidagi muassasalararo bitimiga muvofiq amalga oshiriladi. 2005 yilgacha ikki davlat o’rtasida ikki tomon uchun ahamiyatli bo’lgan 166 hujjat imzolangan. 2004 yil O’zbekiston Respublikasi bilan Qozog’iston o’rtasidagi tovar aylanmasi 425,9 million AQSh dollarini, jumladan, eksport 184,7 million AQSh dollarini, import 241,2 million AQSh dollarini tashkil etdi.