Qibray tumani
Qibray tumani — Toshkent viloyatidagi tuman. 1933 yil 1 dekabrda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Kalinin (hozirgi Zangiota) tumani bilan birlashtirildi. 1964 yil 31 dekabrda qaytadan tuzildi. 1933 — 91 yillarda Orjonikidze tumani. Janubiy g’arbdan Toshkent shahri, Janubdan yuqori Chirchiq, sharqdan Bo’stonliq, g’arbdan Toshkent tumanlari, shimoldan Qozog’iston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,56 ming km2. Aholisi 159,6 ming kishi (2004). Tumanda 2 shaharcha (Qibray, Salor), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Baytqo’rg’on, Yonariq, May, Matqobulov, Oqqovoq, Tuzel, Chinobod, Yangiobod, O’nqo’rg’on, Qiziltu, Qipchoq) bor. Tuman markazi — Qibray shaharchasi. Tabiati. Tuman viloyatning shimol va shimoli sharqida, Chirchiq daryosi vodiysida joylashgan. Relefi shimoliy Sharqiy qismida qir va adirlardan iborat. Yer yuzasi shimoli sharqqa tomon balandlashib boradi. O’rtacha balandligi 300— 400 metr. Janubiy tomonidan Chirchiq daryosi, shimoldan Bo’zsuv, zax va xonim kanallari, o’rta qismidan katta Qorasuv kanali oqib o’tadi. Chirchiq daryosining hozirgi va qadimiy irmoqlari, Bo’zsuv, Zaxariq kanallari jarliklar hosil qilgan. Ba’zi jarlarning chuqurligi (Bo’zsuvda) bir necha o’n metrga etadi. Tuproqlari, asosan, bo’z tuproq. Iqlimi kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27 — 29°, yanvarniki -2°. Yozda eng yuqori temperatura 41-42° ga yetadi, yanvarda eng past temperatura -29°. Vegetatsiya davri 210-220 kun. Yillik yog’in 300-400 mm. Yovvoyi o’simliklardan turang’il, terak, jiyda, do’lana, tol, yulg’un, qamish, yantoq va boshqalar bor. Bahorda rang (qorabosh), shaytonkavush, Lola va lolaqizg’aldoqlar o’sadi. Chirchiq daryosining qayirlarida yovvoyi hayvonlardan quyon, suv kalamushi, sichqon, g’oz, o’rdak, qirg’ovul, loyxo’rak, so’fito’rg’ay, suvilonlar, ondatra mavjud. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, qozoq, rus, tojik, tatar va boshqalar ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 285 kishi (2004). Shahar aholisi 38,7 ming kishi, qishloq aholisi 120,9 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtiriladi. 17 sanoat korxonasi, Toshkent issiqlik elektr markazi, GESlar kaskadi, meva-sabzavot konservasi va pivoalkogolsiz ichimliklar kombinatlari, g’isht zavodi, «Toshkent» parrandachilik xo’jaligi, tuxum yetishtirish bo’yicha sanoat ishlab chiqarish birlashmasi va boshqalar; 10 shirkat, 237 Fermer, shu jumladan, 64 dehqon xo’jaligi, «Limonzor» xo’jaligi va boshqalar xo’jaliklar bor. Umumiy ekin maydoni 13,7 ming gektar, shu jumladan, don 4,9 ming gektar, kartoshka va sabzavotlar 2483 gektar, ozuqa ekinlari 5,2 ming gektar maydonni egallaydi. Bog’va tokzorlar 3,8 ming gektar, issiqxona xo’jaligi 3 gektar. Tumanda 24,9 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan, 11 mingga yaqin sigir), 16 mingga yaqin qo’y va echki, 1371,4 ming parranda boqiladi (2004). Tuman Toshkentga qishloq xo’jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetkazib beradi. T man hududida 13 ilmiy tadqiqot 48 umumiy ta’lim maktabi (27,4 ming o’quvchi) faoliyat ko’rsatadi. «Plemelita» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent agrar universiteti, 4 musiqa maktabi, 43 kutubxona, 9 klub muassasasi (jumladan, 4 madaniyat uyi, 2 madaniyat saroyi), stadion, suzish havzasi, 5 sog’liqni saqlash muassasasi, 2 kasalxona, 13 qishloq vrachlik punkti, 9 ambulatoriya, 9 qishloq davolash maskani, 13 feldsherakusherlik punkti aholiga xizmat ko’rsatadi. Bolalar sanatoriysi, «Bo’ston», «Botanika», «Umid gulshani», «8 mart», «Turon», «Navbahor», «Qibray» sanatoriylari, «energetik» mavsumiy dam olish uyi va boshqalar bor. Tuman Toshkent shahri bilan avtobus va elektrlashtirilgan temir yo’l transporti orqali bog’langan.