Qo’l, g’o’l
Qo’l, g’o’l (turkiycha — markaz, o’rta) — 1) Chingizxonning ming kishidan iborat shaxsiy xos qo’riqchisi; 2) Temuriylar qo’shinida aksariyat oliy bosh qo’mondon tomonidan boshqariladigan, qo’shinning asosiy jangovar bayroqlari olib yuriladigan Markaziy qism. Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, Sohibqironning 12 ming kishilik qo’shini Qo’li Amir ul- umaro tomonidan boshqarilgan. Lashkar soni bir necha 10 mingdan ziyod bo’lgan paytlarda Qo’l 40 bo’luk (polk) larga taqsimlangan va bevosita Amir Temurning qo’mondonligida bo’lgan. Ushbu bo’luklar tajribali va saralangan jangchilardan tashkil qilingan; 12 bo’luki safning 1qatorida, qolgan 28 bo’luki esa 2 — va 3-qatorlarda joylashgan. Qo’ldan istalgan paytda boshqa qo’shin qismlariga madad berilgan. Eski o’zbek adabiy tili obidalarida, xususan, Alisher Navoiy, Bobur asarlarida qo’shinning «markazi» tushunchasi g’o’l qatori Arabcha — qalb, Arabcha-forscha — qalbgoh istilohlari bilan ifodalangan. Hamidulla Dadaboyev.