Qurtchalar

Qurtchalar — teng qanotli so’ruvchilar — koktsidlar kenja turkumiga mansub hasharotlar bir necha oilasining umumiy nomi. Juda ko’p mum bezlari bor. Orqa qalqoni 1-2 ta lichinkalik teridan iborat bo’lib, mum shimdirilgan. Soxta Qurtchalarning orqa tomoni plastinkasimon mum bilan qoplangan, boshqalari (yostiqchalilar) ning orqa qalqoni xitinlashgan. 2000 ga yaqin turi, asosan, tropik va subtropik hududlarda tarqalgan. Qurtchalarning bir yilda 1-4 avlodi rivojlanadi. Lichinkasi va urg’ochisi o’simliklarga yopishib oladi. Tanasi bo’g’imlarga bo’linmagan, oyoqlari va mo’ylovlari reduktsiyaga uchragan; og’iz organlari 1 juft, oyoqlari orasida joylashgan. O’simliklar shoxi, tanasi, ildizi, ba’zan mevasi va bargiga yopishib olib, shirasini so’radi. Erkaklari qanotli, harakatchan, oziqlanmaydi. Ko’pchilik Qurtchalar, jumladan, Kaliforniya qurtchasi mevali daraxtlar va manzarali o’simliklar zararkunandasi.