Quloq

Quloq — odam va umurtqali hayvonlarning eshitish hamda muvozanat organi; eshitish analizatorining periferik qismi. Tashqi, o’rta va ichki Quloq farq qilinadi. Tashqi Quloqqa quloq suprasi va tashqi eshituv yo’li kiradi. Quloq suprasi usti teri bilan qoplangan elastik tog’aydan tuzilgan. Supraning pastki yumshoq qismida Tog’ay bo’lmaydi. Tashqi eshituv yo’li ancha keng bo’lib, uzunligi 30-35 millimetr. O’rta qismi toraygan (bo’yin). Tashqi eshitish kanalini qoplagan teri sertuk bo’lib. yog bezlari oltingugurtga boy molla (Sera) ishlab chiqaradi. Quloq sarig’i deb shunga aytiladi. u himoya vazifasini bajaradi; odatda u qatqaloqqa aylanadi va chainash, gapirish paitida o’z-o’zidan tashqariga ajralib chiqadi. Quloq sarig’i ko’p ishlansa, Sera tiqini (probkasi)ni hosil qilib, tashqi eshituv yo’lini bekitib qo’yadi. Bu yo’lning old devori pastki jag’bo’g’imi bilan chegaradosh, shuning uchun uning yallig’lanish kasalliklarida og’iz ochilsa, Quloqda og’riq paydo bo’ladi. Tashqi eshituv yo’liga pastda Quloq oldi bezi tegib turadi. O’rta Quloq nog’ora bo’shlig’i (ichi havo bilan to’la), eshituv suyakchalari (bolg’acha, sandon, uzangi) va halqum (yutqin) bilan tutashgan Evstaxiy nayiyaan tashkil topgan, u o’rta Quloq bo’shlig’idagi havoni almashtirib, bir muvozanatda saqlab turish vazifasini bajaradi. O’rta Quloqning tashqi devori — Quloq pardasi yupqa, ammo pishiqplastinkadan iborat. Kishi yutinganda Evstaxiy nayi ochilib, havo burun-halqumdan o’rta Quloqqa o’tadi. Nog’ora bo’shlig’ining devori bosh miya, yirik qon tomir va yuz nerviga yaqin joylashgan. O’rta Quloqdan ichkarida spiral shaklidagi va tashqi ko’rinishi chig’anoqqa (eshitish organi) o’xshash, yarim halqasimon kanallar bor; ichki Quloq chakka suyagining piramida qismi ichida joylashgan bo’lib, suyak va parda labirintdan iborat. Suyak labirint bilan parda labirint orasidagi bo’shliq perilimfa suyuqlig’i bilan to’la. Ichki Quloq vestibulyar apparat va chig’anoq qismlari yordamida tovush tebranishi hamda gavda muvozanatining o’zgarishini qabul qilish vazifasini bajaradi. Chig’anoq ichida sezgir eshituv hujayralari bor. Quloq suprasi, tashqi eshituv yo’li, Quloq pardasi va eshituv suyakchalari bu hujayralarga tovush to’lqinlarini yetkazib berib, ularni ta’sirlaydi; ta’sirot sezgir eshituv hujayralarining o’sig’idan tashkil topgan eshituv nervi orqali bosh miya po’stlog’iga keladi; tovush asosan shu yerda analiz qilinadi va eshitish funktsiyasi vujudga keladi. Tovush manbai qaysi Quloqqa yaqin bo’lsa, shu Quloq oldin va kuchli eshitadi, shunga qarab tovush manbaini aniqlash mumkin. Muvozanat a’zosi (vestibulyar apparat) yarim halqasimon kanallardan tashkil topgan; bular turli sathda joylashgan bo’lib, ichida endolimfa suyuklig’i bor. Kanallarning bir uchi ampula shaklida kengaygan; ampula va xaltachalar ichida nerv hujayralari joylashgan; ular fazoda tana o’z holatini o’zgartirganda va bosh tez harakat qilganda ta’sirlanadi. Vestibulyar apparat holati har kimda har xil. Ayrim kishilarning vestibulyar apparati tez qo’zg’aluvchan bo’ladi, bunday kishilar avtomashinada uzoq yurolmaydi. Ba’zi kishilarda, shuningdek, maxsus mashklarni o’tganlarda vestibulyar apparat hatto samolyot va kosmik kemada uchishdek kuchli ta’sirlarda ham sust qo’zg’aladi. Vestibulyar apparat ko’z soqqasini harakatlantiruvchi, yurak qisqarishi, terlash kabi funktsiyalarni bajaruvchi nervlar bilan bog’langan.