Quyosh tutilishi
Quyosh tutilishi — Quyoshning oy gardishi bilan to’silishi natijasida sodir bo’ladigan hodisa; oy o’z harakati davomida Yer bilan Quyosh orasidan o’tayotib, ma’lum paytlarda Quyosh yuzasini to’sib qo’yadi va oy soyasi Yerning ma’lum hududiga tushadi. O’sha joyda Quyoshning to’la tutilishi kuzatiladi va atrof qorong’ilashadi. Qolgan joylarda tutilish qisman kuzatiladi. Bir yilda 2 tadan 5 tagacha Quyosh tutilishi bo’lishi mumkin. Yerning Quyosh atrofidagi va oyning yer atrofidagi harakatlari cho’zinchoq orbitalar bo’ylab bo’lgani sababli ular orasidagi masofa doimo o’zgarib turadi. Natijada Quyosh va oyning ko’rinma diametri doim o’zgarib turadi. Quyosh tutilishi paytida oyning ko’rinma diametri Quyoshnikidan yetarlicha katta bo’lsa, to’la tutilish sodir bo’ladi va uning maksimal fazasi uzoqroq (7,5 minutdan oshmaydi) bo’ladi. Oy gardishi Quyosh gardishidan kichik bo’lsa, u Quyosh yuzasini butunlay to’sa olmaydi va bu paytda u osmonda ingichka yorug’halqa (halqasimon tutilish) tarzida kuzatiladi. Oy o’z orbitasi bo’ylab sekundiga 1 kilometr tezlik bilan harakatlangani uchun oy soyasi ham taxminan shunday tezlik bilan harakatlanadi. Lekin, soya o’z o’qi atrofida aylanib turgan yerga tushadi. Yer aylanishining yo’nalishi ham oy soyasining harakat yo’nalishi bilan bir xil bo’ladi. Lekin, yer yuzasidagi ma’lum nuqtaning tezligi oy soyasi tezligidan kamroq. Bu tezlik ekvatorda eng katta — sekundiga 465 metrga yetadi. Oy soyasi o’zidan oldinda kutayotgan yer nuqtalarini quvib yetib, katta tezlik bilan undan o’zib ketadi. Shuning uchun ham Quyosh tutilishi g’arbdan boshlanib, sharqqa qarab siljiydi va juda katta masofalarga cho’zilib ketadi. Quyosh to’la tutilishi mintaqasining kengligi 300 kilometr, umumiy uzunligi 10000 kilometrga yetishi mumkin. Qadimda kishilar Quyosh tutilishlarini oldindan bilganlar. Ularga tutilish takrorlanib turadigan davr ham ma’lum bo’lgan. Bu saros deb atalib, u 18 yil 11 kun 8 soatga teng. Yer yuzining ma’lum joyida to’la Quyosh tutilishi kamdan-kam takrorlanadigan hodisa o’rta hisobda 300 yilda bir marta kuzatilishi mumkin.