Qullik

Qullik — ekspluatatsiyaning tarixan dastlabki va eng qo’pol shakli, unda qul ishlab chiqarish qurollari qatorida, o’z xo’jayini — quldorning mulki hisoblangan. Quldorlik tuzumiga asos bo’lgan. Qullikning manbai: urush yoki qaroqchilik paytida asir olingan begona qabila a’zolari, jinoyat qilgan yoki qarzlarini to’lay olmagan qabi-ladoshlar, shuningdek, qullarning tabiiy ko’payishi, qullar savdosi va boshqalar. Quldorlar jabr-zulmi qullarning yirik qo’zg’olonlariga sabab bo’lgan. Yaqin va O’rta Sharq musulmon mamlakatlarida Qullik birmuncha keng tarqalgan. Islom dini musulmonlarni qul qilishni taqiqlagan, shuning uchun urushlar paytida asir tushgan va Yevropa, Osiyo va Afrika bozorlaridan sotib olingan g’ayridinlar q.ning asosiy manbai bo’lgan. Musulmon Sharqi mamlakatlarida qullar og’ir ishlarda — konlarda, qo’shinlarda xizmat qilishgan. Osiyo, Afrika va Amerika mamlakatlarining mustamlaka asoratiga solinishi munosabati bilan (16-asr) Qullikning yangi bosqichi boshlangan. 17-19-asrlarda qul savdosi avj olgan. Amerikaga keltirilgan qullarning umumiy soni 10 million kishidan oshib ketgan. Plantasiyalarda og’ir mehnat qiluvchi qullarga ish hayvoni sifatida qaralgan. Kullar qarshiligining kuchayishi va Qullikka qarshi keng jamoatchilik harakatining avj olishi natijasida Qullik bekor qilina boshlagan. Masalan, AQShdagi fuqarolar urushi (1861-65) natijasida Qullik bekor qilingan. Biroq Markaziy va Janubiy Arabistonda va Afrikaning ba’zi mamlakatlari (Efiopiya, Nigeriya va boshqalar) da Qullik 20-asrning 50-yillarigacha saqlangan. BMT 1948 yil qabul qilgan inson huquqi umumiy deklaratsiyasining 4-moddasida Qullik va qul savdosining hamma turlari taqiqlanishi e’lon qilingan. 1956 yil Jenevada 59 davlat vakillari Qullik qul savdosi va Qullikka o’xshash odatlar (majburiy mehnat va boshqalar)ni bekor qilishga doir Konventsiya qabul qilishgan. O’rta Osiyo mamlakatlarida Qullik klassik shaklda namoyon bo’lmagan. Bu yerda qullardan uy xizmatlari (qarollar), g’ulomlar va boshqalar sifatida foydalanilgan. Harbiy ishga olingan g’ulomlar ba’zan, keyinchalik yirik lavozimlarga erishganlar.