Qaymoq

Qaymoq — sut mahsuloti. Sut separatori ixtiro qilinguncha sutni 10— 12 soat davomida past haroratda maxsus idishlar (masalan, O’zbekistonda sopol tovoq)da tindirib olingan. Tarkibida yog’liligiga qarab 59,6—81,8% suv, 2,4— 3,4% oqsil, 2,7—4,2% laktoza, 0,3—0,6% mineral moddalar bor. Sut zavodlarida bevosita iste’mol qilishga mo’ljallangan, yog’liligi 10%, 20% va 35% bo’lgan Qaymoq ishlab chiqariladi. 10% li Qaymoq 78-80° da, 20% va 35% lisi 85-87° da (15-30 sekund davomida) pasterlanadi, so’ngra darhol maxsus sovitish vannalarida 4-6° ga qadar sovitiladi, shisha idishlar yoki qog’oz paketlarga quyiladi. Oddiy Qaymoqdan tashqari quyultirilgan va quruq Qaymoqlar ham ishlab chiqariladi. Qaymoqning o’zi iste’mol qilinadi, ichimlik va taomlarga qo’shiladi. Qaymoqning asosiy qismi sanoatda sariyog’, smetana olish uchun qayta ishlanadi, muzqaymoq tayyorlanadi.