Qarilik, keksalik
Qarilik, keksalik (qarish) — organizm hayotining yoshga bog’liq muayyan bir davri, muqarrar ravishda yuz beradigan jarayon. A’zo va sistemalarda o’ziga xos o’zgarishlar ro’y berib boradi, bu esa asta-sekin organizmning hayotga moslashuv imkoniyatlari susayishiga olib keladi. Odamlarning Qarilik davri 75 yoshdan keyin boshlanadi (90 yoshdan oshgan kishilar uzoq umr ko’ruvchilardir), bu fiziologik Qarilikdir, bunda aqliy va jismoniy quvvat, ma’lum ish qobiliyati, xushchaqchaqlik va atrofga qiziqish saqlanadi. Turli noxush tashqi va ichki ta’sirotlar barvaqt yoki patologik Qarilikga olib keladi. Odatda, Qarilikning dastlabki belgilari odamda yetuklik davridan (shartli ravishda 60 yoshdan) so’ng boshlanadi. Lekin aslini olganda, Qarilik organizmning o’sishi va rivojlanishi to’xtagandan keyin sezila boshlaydi. Masalan, 30-35 yoshlarda biologik jarayonlarning faollik darajasi pasaya boshlaydi. Qarish turli to’qima va a’zolarda bir vaqtda boshlanmaydi va turli darajada kechadi, u organizm hujayralari yashash xususiyatlarining asta-sekin susaya borishidan iborat. Dastlab Qarilik tufayli boshlangan o’zgarishlar amalda organizmning hayot sharoitlarining keskin o’zgarishlariga moslashuvchanlik jarayonini buzmasada, ammo borabora yosh ulg’ayib, o’zgarishlar kuchayganda organizm bunga endi ancha qiynalib moslashadi. Xususan, bu kasallik davrida, jismoniy va ruhiy zo’riqishlarda bilinadi. Qarish jarayoni, birinchi navbatda, yurak-tomir va nerv sistemasiga ta’sir qiladi; bunda bir faoliyatdan ikkinchisiga o’tish qobiliyati qiyinlashadi. Tormozlanish jarayonining yetarli bo’lmasligi nerv sistemasi qo’zg’aluvchanligining oshishiga olib keladi, shu tufayli atrofdagi narsalarga moslanish va javob reaktsiyalari sust ishlanib, sekin yo’qoladi; emotsional beqarorlik kuchayadi. Qarilik qo’pincha turli xil surunkali kasalliklar bilan kechadi, bu barvaqt qarib qolishga olib kelishi mumkin. Umuman yoshga xos o’zgarishlar bilan kasallanish o’rtasida ma’lum darajada bog’liklik bor. Qarilikda organizmning moslanuvchanlik va tiklanish imkoniyatlari susayadi, bu — kasalliklarning avj olishiga va ularning ancha og’ir o’tishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun kasallikning oldini olish barvaqt qarishga yo’l qo’ymaslikka yordam beradi. Hozirgacha Qarilik sabablari to’g’risida aniq fikr yo’q, lekin u bir qadar irsiyatga ham bog’liq. Ba’zi oilalarda uzoq umr ko’ruvchilarning nasldan-naslga o’tganligi ma’lum. Ayollarda Qarilikning erkaklarga nisbatan kechroq kuzatilishi genetik apparatning xususiyatlariga va boshqalar omillarga (masalan, ayollarda chekish, spirtli ichimliklar ichish kam) ham bog’liq bo’lishi mumkin. Ma’lumki, Qarilik sur’ati turlicha bo’ladi: ba’zilarda 75-80 yoshda, hatto ancha keyin ham turli ishlar bilan shug’ullanish uchun kuch-quvvat va imkoniyat bo’ladi. Biroq yosh o’tishi bilan barcha odamlarda mehnat qobiliyati pasayadi, salga toliqadi. Shu sababli, yosh o’tganda kishining ahvoli yaxshi bo’lsa ham og’ir ish qilmaslik kerak. Qarilik davrida ovqatlanish, mehnat va dam olish rejimiga qat’iy rioya etish, uxlashdan oldin ozroq sayr qilish, chiniqish muolajalari va boshqalar katta ahamiyatga ega. Biroq chiniqish muolajalari turini va muddatini, albatta, vrach bilan maslahatlashib olgan ma’qul. Aytib o’tilganlarga amal qilish barvaqt Qarilikning oldini oladi va uning maromida kechishiga, shuningdek, odamning jismoniy va ma’naviy imkoniyatlarini iloji boricha saqlab qolishga olib keladi. Qarilik sabablari va sirasrorlarini gerontologiya, ularda kechadigan kasalliklarni esa geriatriya fani o’rganadi.