Qofiya

Qofiya (Arabcha — ergashish, izidan borish) — she’riy misralarning muayyan o’rnida ohangdosh so’z yoki so’z birikmalarining izchil takrorlanib kelishi. Qofiya she’rning mazmuni, janri, shakli va kompozitsiyasida muhim o’rin egallaydi. Qofiya hosil qiluvchi so’zlarning ohangdoshligi o’zak bilan o’zak yoki qo’shimcha bilan qo’shimcha o’rtasidagi uyg’unlik tufayli yuzaga keladi. Qofiya she’r ritmi va musiqiyligini ta’minlaydi. U ritmiklik va ohangdoshlikdan tashqari, yana bir nechta vazifani bajaradi. Ana shu vazifalardan biri Qofiyaning she’r g’oyaviy mazmuni bilan bog’liqligidir. Shu bois u she’r mazmunini go’zal va ta’sirchan ifodalashga xizmat qiladi. Qofiyada odatda she’r g’oyasini tashuvchi so’zlarni misraning she’rxon diqqatini o’ziga tortadigan o’rniga (ko’pincha oxiriga) joylashtirish taqozo etiladi. Shu bilan birga Qofiya badiiy takt vazifasini ham bajaradi. Badiiy takt esa she’r g’oyasining ta’sirchan va jozibali ifodalanishiga ko’mak beradi. Qofiyaning yana bir vazifasi she’r qurilishida kompozitsion uyushtiruvchilikdan iborat, chunki u misralarni uyg’unlik, ohangdorlik bilan bir-biriga ulaydi, bog’laydi, bayt yoki band kabi she’riy birliklarni tashkil etadi. Qofiyaning vazifalaridan yana biri shundaki, u she’r intonasiyasini (ohangdorligini) yuzaga keltiradi. She’rning poetik mazmuni, undagi so’zlar ohangdorligi, ritmi, vazni, band tuzilishi bilan uzviy bog’liqlikda o’zining intonatsion vazifasini bajaradi. Qofiya ritmik vazifa ham bajaradi. Bunday Qofiyalar she’rda radif bo’lmagan hollarda misralar so’ngi (chegarasi)ni ta’kidlab, izchil ritmik qatorlarni tashkil etishda etakchi vazifani ado etadi. Turkiy xalqlar og’zaki ijodida Qofiyaning oddiy so’z takroridan tortib mukammal mustaqil turlarigacha bo’lgan shakllari uchraydi. Umuman, o’zbek og’zaki va yozma adabiyotida Qofiyaning vujudga kelishida saj’muhim o’rin tutadi. Bunga turkiy xalqlarning ko’plab og’zaki ijod turlarida, Urxun-Yenisey yodnomalarida, 11-asrda Mahmud Koshg’ariy tomonidan yaratilgan «Devonu lug’otit turk» asarida uchrovchi she’riy parchalardagi Qofiyalar misol bo’la oladi. Arablar istilosidan keyin turkiy xalqlar she’riyatiga ham aruz she’riy tizimi kirib keladi. 9-10-asrlarda esa Arab, fors va boshqa xalqlar she’riyatida mumtoz Qofiya nazariyasi yaratiladi. Bu nazariya monorim (frantsuzcha topopte — Yagona qofiya) Qofiya yoki tovushlar uyg’unligiga asoslanadi. Ushbu nazariyaga ko’ra, Qofiya Yagona tovush (harf) takroriga asoslanadi va bu harf raviy (Arabcha — qofiyadagi undosh tovush) deb ataladi. Raviy so’z o’zagi, yasama so’zlarda negiz oxiridagi undosh, cho’ziq unli, ba’zan esa qisqa unlilarning aynan takrorlanishi tufayli yuzaga keladi. Masalan, «gul-bul-bul» so’zlaridagi «l», «tortar-ortar» so’zlaridagi oxirgi «r», «vafo-jafo» so’zlaridagi «o», «bahona-zamona» so’zlaridagi oxirgi «a» tovush-harflari raviy hisoblanadi. Mazkur nazariya talablariga ko’ra, raviysiz Qofiya vujudga kelmaydi. Mumtoz Qofiya nazariyasida Qofiyalanuvchi so’zlar tarkibiga qarab raviydan oldin va raviydan keyin 4 tadan Qofiya unsuri ishtirok etishi mumkin. Raviydan oddin keluvchi unsurlar: qayd — raviydan oldin kelgan harakatsiz undosh tovush («balandqand» so’zlaridagi «n» tovushi); ridf — undosh raviydan oldin kelgan cho’ziq unli («shahar-sahar» so’zlarida «r» raviydan oldingi «a» unlisi); ta’sis — raviydan oldin kelgan bir harakatli undoshdan ilgari keluvchi cho’ziq unli («homil-qotil» so’zlaridagi «o» tovushi); daxil — raviy bilan ta’sis orasida keluvchi harakatli undosh («zoyil-qoyil» so’zlaridagi «y» undoshi). Raviydan keyin keluvchi Qofiya unsurlari ham 4 ta: vasl — raviyga vositali yoki vositasiz tirkalgan tovushlar («ulfatim-suhbatim» so’zlaridagi «m» undoshi va «bulog’i-qulog’i» so’zlaridagi «i» unlisi); xuruj — vasldan so’ng takrorlanuvchi harakatsiz undosh yoki cho’ziq unli; Mazid — xurujdan keyin keluvchi undosh yoki cho’ziq unli; Noira —maziddan so’ng kelgan undosh va cho’ziq unlilar. 20-asr boshlaridan o’zbek she’riyatida barmoq tizimi yetakchilik qila boshladi. Natijada Qofiya tarkibini nozik hamda asosli tahlil qilishga imkon beruvchi mumtoz Qofiya nazariyasiga murojaat etish asta-sekin kamaydi. Bu holat Qofiya haqida yangi — polirifma nazariyasini keltirib chiqardi. Ushbu nazariyaga ko’ra, Qofiya tirgak tovushga asoslanadi. Tirgak tovush esa raviy singari injiq emas. Qofiyalanuvchi so’zlar tarkibidagi talaffuz usuli va o’rni jihatdan bir-biriga yaqin barcha tovushlar tirgak tovush bo’la oladi. Polirifma nazariyasiga ko’ra, Qofiyaning to’liq (to’q), noto’liq (och), sodda, murakkab, ochiq, yopiq, taxminiy kabi shakllari mavjud. Qofiyalanuvchi so’zlarning uyg’unligi, miqdori, mazmuni, o’rni va fonetik tarkibiga qarab, Qofiyaning zulqofiyatayn (qo’sh Qofiyalilik), tarse’li (baytning har 2 misrasidagi barcha so’zlarning o’zaro ohangdosh, vazndosh bo’lib kelishi), tasviriy, kinoyaviy, kontrast, metaforik, tajnisln kabi turlari farqlanadi va ularning har biri o’zbek she’riyatida ham muhim evfonik, semantik vazifa bajaradi. She’riy misraning boshlanishi yoki o’rtasida, oxirida kelishiga qarab esa Qofiyaning anaforik, ichki va epiforik turlari farqlanadi. Umuman, Qofiya odatda she’riy mis-ralar oxirida kelib, ularni ohangdoshlik, uyg’unlik va mazmuniy yaxlitlik asosida birlashtiradi. Bugungi kunda o’zbek she’riyatida sarbast tizimining ham ko’proq mavqe egallab borayotganligi bu xildagi poetik asarlarda Qofiyaning tutgan o’rni, tabiati va g’oyaviy-badiiy vazifalarini alohida o’rganishni taqozo etmoqda. As..Izzat Sulton, adabiyot nazariyasi, T., 1939 (so’nggi nashri — 2005); samoylov D.S., Kniga o russkoy rifme, M., 1973; adabiyot nazariyasi [2 j.li], 2-j., T., 1979. Bahodir Sarimsoqov.