Qrim, Qrim Muxtor Respublikasi
Qrim, Qrim Muxtor Respublikasi — Ukraina tarkibidagi Muxtor respublika. Qrim yarim orolida joylashgan. Maydoni 27 ming km2. Aholisi 2205,6 ming kishi (1996). Poytaxti — Simferopol shahri. Ma’muriy jihatdan 15 rayon, 10 shahar, 56 shaharchaga bo’linadi. Davlat tuzumi. Qrim — Muxtor respublika. Respublika rahbari — Oliy Kengash raisi, ijroiya hokimiyat boshlig’i — hukumat. Aholisi rus, ukrain, qrim-tatar va boshqalar. Shahar aholisi 69,2%. Davlat tillari — ukrain, rus, qrim-tatar tillari. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar va musulmon sunniylar. Yirik shaharlari: Simferopol, Boqchasaroy, Feodosiya, Yalta, Sevastopol, Evpatoriya. Tarixi. Qrimda yashagan qadimgi odamlarning suyak qoldiqlari paleolit davriga mansub. Shuningdek, bu yerda neolit, jez va ilk temir davrlariga xos ko’pgina arxeologik yodgorliklar topilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Qrimda kimmeriy, tavr (Qrimning tog’li va sohil qismi qadimgi nomi — Tavrika, Tavriya, tavrida tavr qabilasi nomidan kelib chiqqan) va skif qabilalari yashagan. Miloddan avvlgi 6-5-asrlarda Qrimning sohil qismida yunonlar o’z koloniyalarini tashkil etdilar. Ularning eng yirigi Xersones va Pantikapey bo’ldi. Miloddan avvalgi 5-asrda Kerch yarim orolida Bospor podsholigi, Qrimning dasht qismida skif davlati (miloddan avvalgi 3-asr) vujudga keldi. Miloddan avvalgi 1-asrning 2-yarmida Qrimning sohil qismi Rim tomonidan bosib olindi. Milodiy 3-4-asrlarda bosqinchi qabilalar (gotlar, gunnlar) Qrimning ko’pgina qadimgi shaharlarini vayron qilib, Bospor va Skif davlatlarini tugatdilar. Qrimning Sharqiy qismi 10-asrdan Kiyev Rusining Tmutarakan knyazligi tarkibiga kirdi. Bu davrda Qrim aholisi skif, tavr, got, sarmat, Alan, xazar, bijanak va boshqa xalqlar avlodlaridan iborat bo’lgan, sohilda yunon va slavyanlar yashagan. 13-asrda Qrimga mo’g’ullar bostirib kirgach, bu yerda oltin O’rdaning Qrim ulusi vujudga keldi. 13-15-asrlarda Qrimda genuyalik savdogarlarning mudofaa istehkomlari bo’lgan savdo markazlari faoliyat ko’rsatdi. Oltin O’rda inqirozga uchragandan keyin (1443), Qrim ulusi o’rnida Qrim xonligi tashkil topib, 1475 yildan boshlab Turkiya vassaliga aylandi. 1783 yilda Qrim butunlay Rossiyaga qo’shib olindi. 1853— 56 yillardagi Qrim urushi davrida Qrim harbiy harakatlar maydoniga aylandi. 1917 yil Fevral inqilobidan so’ng mayda jamoat tashkilotlari paydo bo’ldi va ular «Qrim qrimliklar uchun» shiori bilan chiqib, Qrimni Rossiyadan ajratib olishga harakat qildilar. 1917 yil 16(29) dekabrda Sevastopolda, 1918 yil 13(26) yanvarda simferopolda sovet hokimiyati o’rnatildi. 1918 yil 21 martda Qrimda Tavriya Respublikasi tuzilib, u RSFSR tarkibiga kiritildi. Ammo shu yilning o’zida (aprelda) Germaniya Qrimni ishg’ol qildi. 1918 yil noyabrda Qrimga Antanta qo’shinlari tushirildi. 1919 yil aprelda ular Qrimni tark etdi. 1921 yil 18 oktabrda RSFSR tarkibida Qrim Muxtor Respublikasi tashkil etildi. 2-jahon urushi (1939-45) davrida Qrim shiddatli janglar maydoniga aylandi. 1944 yil mayda nemislardan ozod etildi. 1945 yil 30 iyunda muxtoriyat tugatilib, Qrim viloyati tashkil etildi (u 1954 yil Ukraina tarkibiga o’tkazildi); aholisining bir qismi — qrim-tatarlar 1944 yil O’rta Osiyoga deportatsiya qilindi (1967 yil ularning konstitutsiyaviy huquqlari tiklandi). 1991 yil 12 Fevralda Qrim Muxtor Respublikasi tuzildi (Ukraina tarkibida). Xo’jaligi. Qrim — ko’p tarmoqli qishloq xo’jaligi va sanoat tarmoqlari rivojlangan hudud. Dam olish va davolanish joyi hamda ommaviy turizm rayoni. Sanoatida oziq-ovqat (meva-sabzavot, vinochilik, efir moyli o’simliklarni qayta ishlash), mashinasozlik (kema, pribor, televizor va boshqalar ishlab chiqarish), kimyo, yengil sanoat yetakchi tarmoqlardir. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Temir rudasi (kamish-burun temir ruda kombinati) va tabiiy gaz qazib olinadi. Simferopol davlat tuman elektr stansiyasi va boshqalar bor. Kerch, Yalta, Sevastopol. Yevpatoriyada baliqni qayta ishlash korxonalari mavjud. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — tokchilik, bog’dorchilik, efir moyli o’simliklar mahsuloti yetishtirish, go’sht-sut chorvachiligi. Bug’doy, makkajo’xori, arpa, sholi, dukkakli don ekinlari, kungaboqar, zig’ir, tamaki, efir moyli ekinlar (atirgul, lavanda, muskat shalfeyi) ekiladi. Sabzavotchilik va polizchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y boqiladi. Parrandachilik bilan shug’ullaniladi. Temir yo’llar uzunligi 700 kilometrga yaqin. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi 7 ming kilometrdan ziyod. Kerch, Feodosiya, Yalta, Sevastopol, Evpatoriya dengiz portlari bor. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Vrachlar va o’rta tibbiyot xodimlari Ukraina va Qrimdagi tibbiyot oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida tayyorlanadi. Asosiy kurortlari: Yalta, Misxor, alupka, Simeiz, Gurzuf, Alushta (Qrimning Janubiy sohili), Feodosiya, Yevpatoriya. Qrimda ta’lim tizimi Ukraina ta’lim tizimi asosida rivojlanmoqda. Qrimda Simferopol universiteti, tibbiyot, qishloq xo’jaligi, priborsozlik institutlari bor. Ilmiy tadqiqotlar Qrim astrofizika rasadxonasi, Nikita botanika bog’i, vinochilik va tokchilik, dengiz baliq xo’jaligi va okeanografiya ilmiy tadqiqot institutlari va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalarida olib boriladi. Qrimda 5 teatr, filarmoniya, bir qancha klub muassasasi va kinoqurilma, muzey (yiriklari — Qrim o’lkashunoslik muzeyi, Boqchasaroy tarix-arxeologiya muzeyi, «Sevastopol mudofaasi» panoramasi, «Sapungorani shturm qilish» dioramasi va boshqalar) va kutubxonalar bor. Me’morligi. Qrim hududida mis-jez davridan mengirlar qolgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda tavrlar tomonidan tosh istehkomlar qurilgan. Qadimgi Xersones, Pantikapey koloniyalarining mudofaa inshootlari, ibodatxona, maqbara yodgorliklari xarobalari saqlangan. O’rta asrlarda Qrimda Vizantiya badiiy madaniyati yodgorliklari — xristian bazilikalari (7-8-asrlarda Xersonesda) va xochli gumbazsimon ibodatxonalar (Kerchdagi Ioann Predtech cherkovi, 10-13-asrlar) qurildi. 6-asrdan Qrim Dashti va tog’oldi aholisi tog’larda g’or shahar va qal’alar barpo etgan (Boqchasaroy yaqinidagi Chufut qal’a, eski kermen, Tepe kermen; Sevastopol yaqinidagi Inkerman va Mangup). Qrim hududida arman me’morligi yodgorliklari (Feodosiya shahridagi Sergiy, Stefan cherkovlari, 14-15-asrlar) mavjud. Feodosiya (1348), Sudak (1345-1414), Balaklava (15-asr)da Genuyaliklar mudofaa inshootlarini yaratganlar. Oltin O’rda hukmronligi va Qrim xonligi davrida serhasham masjid, madrasalar qurildi (Qrim stantsiyasidagi 13-asrga mansub masjid va 14-asrda qurilgan madrasa, Boqchasaroyda 16-18-asrlarda barpo etilgan xon saroyi majmuasi, Evpatoriyada me’mor Xo’ja Sinon tomonidan 1552 yilda qurilgan jome masjid va boshqalar). 18-asrning 80-yillaridan shahar (Sevastopol, Simferopol), ibodatxona, saroy, bog’lar qurildi (Sevastopoldagi Petropavlovsk sobori, 1843; qora dengiz floti muzeyi, 1895, me’mor A.M. Kochetov; «Sevastopol mudofaasi» Panoramasi binosi, 1902-04, me’mor V.A.Feldman; Alupkadagi Voronsov saroyi, Livadiyadagi podsho saroyi, 1911- 13, me’mor N.P.Krasnov). 1920-yillardan shahar, qishloq, kurort qurilishlari avj oldi (Yalta shahri yaqinidagi «Kurpati» sanatoriysi, 1936, me’mor V.Kovalskiy; Alushtadagi dam olish uyi, 1939, me’mor A.Beketov). 1960-70 yillarda Gurzufda xalqaro «Sputnik» lageri (1962, me’morlar A.Polyanskiy va boshqalar), «Artek» Pioner lageri, Yaltada «Saturn» kinoteatri (1968, me’mor I.Tatiev), Sevastopolda shahar kengashi binosi (1971-73) va «Turist» mehmonxonasi (1974, me’mor I.Fialko), Simferopolda musiqali drama teatri (1976, me’mor S. Afzametdinova), Alushtada «Chayka» pioner lageri (1979, me’mor T.Belyaeva) bunyod etildi. Tasviriy san’ati. Qrimda miloddan avvalgi 3— 2-ming yilliklarga mansub qoya toshdagi rasmlar (jang lavhasi; Boqchasaroy yaqinidan topilgan), qabr toshlariga ishlangan naqshlar, qabila yo’lboshchisi, jangchi, cho’pon aks ettirilgan yassi bo’rtmali tasvirlar topilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmidan Qrim san’ati Qrimning sohil qismidagi yunonlar san’ati bilan bog’liq. Bu davrda yunon san’ati an’analari bilan mahalliy an’analarning o’zaro ta’siri kuchli bo’lgan. Skiflar Neapoli va pantikapeydagi tosh daxma rasmlarida mifologik tasvirlar bilan birga hayotiy tasvirlar ham aks etgan; Qrim shaharlarida haykaltaroshlik rivojlangan (qabr toshlaridagi bo’rtma tasvirlar, har xil haykalcha va boshqalar). Xersonesda rasmlar bilan bezatilgan stelalar va noyob mozaikalar topilgan. Pantikapeyda turli rangda vazalar tayyorlangan, yog’och o’ymakorligi rivojlangan. Bospor hunarmandlarining Qrim va unga qo’shni hududlardan topilgan oltin va kumushdan tayyorlangan buyumlari jahonga mashhur (Aulooadagi ko’za, Gaymanov mozorqo’rg’onilati idish. Soloxadan topilgan oltin taroq va boshqalar). O’rta asrlarda Qrim san’ati ma’lum larajada Vizantiya ta’sirida rivojlandi. 7— 8-asrlarda bazilikali xristian ibodatxonalari intereri mozaika va Freskalar bilan bezatildi (Xersonesdagi Uvarov bazilikasi). 12-15 — asrlarda Qrim tog’lari g’orlaridagi ibodatxonalar ham freskalar bilan qoplangan. Keyinchalik monumental rangtasvirda qadimgi rus rangtasviri an’analari Vizantiya san’ati unsurlari bilan qo’shilib ketdi (Feodosiyadagi Stefan, Kerchdagi Ioann Predtech cherkovlari devoriy tasvirlari). 18-asrda saroy intererlari devoriy tasvirlar va turli bezaklar bilan bezatildi (Boqchasaroydagi xon saroyi). 19-asr — 20-asr boshlarida Qrimda I. Ayvazovskiy, R. Sudkovskiy, K. Bogaevskiy, F. Vasilev, M.Voloshin, N.Samokish va boshqa rassomlar ishladi. Undan keyingi davr rassomlari bo’lgan F.Zaxarov, K. Proxorov, P. Stolyarenko, V.Svetkova kabi rassomlar faoliyati ham Qrim bilan bog’liq.