Qoratov

Qoratov (Mang’istov) — Mang’ishloq yarim orolidagi (Qozog’istonning Mang’ishloq viloyati) tog’. Uzunligi 130 kilometr. Eng baland joyi 556 metr (Bestoki tog’i). Yuzasi to’lqinsimon plato ko’rinishida. Yon bag’irlari darasimon quruq soy va jarliklar bilan o’yilgan. Tektonik jihatdan antiklinal struktura bo’lib, kuchli burmalangan trias, yura, bo’r davrlariga mansub qumtosh, slanes, ohaktosh, mergel, gillardan tashkil topgan. Qoratovda shuvoq-sho’ra, ba’zi joylarida buta o’simliklari o’sadi, yaylov sifatida foydalaniladi. Temir, mis, toshko’mir konlari bor.