Qoraxoniylar

Qoraxoniylar, xoniylar, xoqoniylar — Qoraxoniylar davlatini boshqargan xoqonlar sulolasi. «Qoraxoniylar» iborasi shartli ravishda sulola nomi sifatida qo’llanilib, davlat hukmdorlari «Qoraxon» — buyuk xon unvoni bilan yuritilgan. Shu bois Sharqshunos olim V.V.Grigorev sulolaga «Qoraxoniylar», deb nom bergan va u ilmiy adabiyotlarda mustahkam o’rnashib qolgan. Qoraxoniylarning yirik vakillari: Abdulkarim Sotuq Bug’roxon (859 — 955), Muso ibn Abdulkarim (955— 970), Hasan ibn Sulaymon (977-992), Ahmad ibn Ali Arslonxon (998-1017; hokimiyat amalda ukasi Nasr ibn Ali qo’lida bo’lgan, u Movarounnahrni bosib olgan), Mansur ibn Ali (1017-26), Ibrohim ibn Nasr Tamg’achxon (1040-70), Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (1102-30). 1130 yildan saljuqiylarga, 1140-yillar boshida qoraxitoylarga qaram bo’lgan. Qoraxoniylarning so’nggi vakili Usmon ibn Ibrohim 1212 yil Muhammad Xorazmshoh tomonidan ag’darilib qatl qilingan.